O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Namanganda Isoqxon to‘ra Ibrat nomi bilan ataluvchi chet tillari oliy o‘quv yurti tashkil etilgandi. Bu yil uning birinchi bosqichini 448 nafar yoshlar tugalladi.
Yangi Namangan shaharchasining markazida, 5 gektar maydonda qurilishi boshlanayotgan majmuaning ming o‘rinli o‘quv binosi, 400 o‘rinli talabalar turar joyi, yuz o‘rinli Axborot – kutubxona, 250 o‘rinli faollar zali va boshqa yordamchi binolari bo‘ladi.
–Bugun Namanganda tarixiy voqea sodir bo‘lyapti, - deydi Namangan Davlat Universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov. –Chunki bu institutda nafaqat chet tillari filolog o‘qituvchilari, balki sinxron hamda badiiy tarjimon, lingvist, gid-kuzatuvchi, tilshunos ilmiy xodimlar yetishtiriladi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov majmuaga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tadbirda Ibrat nomidagi Namangan Davlat chet tillari instituti o‘zining ilg‘or o‘qitish uslublari, yuqori malakali mutaxassislari bilan dunyoning mashhur oliy o‘quv yurtlari qatoridan joy olishiga barcha imkoniyat va sharoit borligini alohida ta’kidladi.
–Bundan bir necha yil ilgari Namanganda faqat uchta oliy o‘quv yurti bo‘lgan. Hozir ularning soni 11 taga yetdi, - dedi viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. –Biz Yangi Namangan shaharchasida yana Kimyo texnologiyalari instituti binosini quramiz. Xorijiy hamkorlar bilan yana bir xalqaro universitet ochish ustida ish olib boryapmiz. Yaqin kelajakda bu yerda haqiqiy talabalar shaharchasi paydo bo‘ladi.
Tadbirda so‘z olgan nuroniy otaxonlar avlod ajdodlarga ilm maskanlari ochib cheksiz imkoniyatlar yaratayotgan davlat rahbari haqiga duoi fotixalar qildilar.
Shunday qilib, tadbirkorlik, energetika, tibbiyot markazi bo‘lgan Namangan endi O‘zbekistondagi yirik oliy ta’lim o‘chog‘iga aylanmoqda.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/XfbKcj4_x7I" title="Namangan mamlakatning yirik oliy ta’lim o‘chog‘iga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov.