Mamlakatimizda tekstil va to‘qimachilik sohasida namanganlik tadbirkorlarning o‘rni beqiyos. “Ideal”, “Fazman”, “Iftixor”, “D.Maretti” kabi brend ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat yurtimiz bozorlarida, balki Amerika va Yevropa davlatlarida ham o‘z xaridorlariga ega.
Jumladan, “D.Maretti” nomi bilan mashhur bo‘lgan Namangan shahridagi "Asror textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangi ish o‘rinlari va eksport salohiyati sari muhim qadam tashlovchi yangi loyiha amalga oshirilmoqda.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi mazkur korxonaning yangi qurilayotgan tikuvchilik ishlab chiqarish binosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Qayd etish joizki, “D.Maretti” brendi ostidagi tikilayotgan kostyum-shimlar nafaqat ichki bozorga yetkazilmoqda, balki Yevropaga ham eksport qilinmoqda.

Amaldagi loyiha doirasida mingdan ortiq fuqarolar ish bilan ta’minlangan. Yangi qurilayotgan tikuv korxonasi ishga tushirilgach, yana 600 kishi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa aholi bandligini oshirish, oilalar daromadini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi.

Korxonada o‘tgan 2025-yil davomida 10 million AQSH dollari miqdorida eksport amallarini bajarishga erishildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi bilan ushbu raqamlar yanada ortishi, eksport geografiyasi kengayishi hamda milliy brendning xalqaro bozordagi mavqei mustahkamlanishi kutilmoqda.
O‘rganish davomida viloyat rahbari zamonaviy talablarga mos ravishda barpo etilayotgan yangi loyiha sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA