Namangan deganda mamlakatning tadbirkorlik eng rivojlangan hududi ko‘z oldimizga keladi. Aslida ham shunday. Ammo so‘nggi yillarda Namangan viloyati dehqonchilik madaniyati, ilmi va amaliyotida katta yutuqlarga erishmoqda. Buni birgina To‘raqo‘rg‘on tumani misolida ham ko‘rish mumkin.
— Tumanimizda 4 ming 781 gektar maydonda g‘alla ekilgan. bugungi kunda ikkinchi oziqlantirish, zang va begona o‘tlarga qarshi kurashish ishlari olib borilmoqda, — deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Nosirjon Umarov. – 4 ming 109 gektar maydonga chigit ekish mo‘ljallangan. Tumanda 10 ta otryad shakllantirilib, har biriga 54 ta chigit ekish texnikalari, yer tekislash moslamalari, 40 dan ortiq pushta olish texnikalari biriktirilgan. Bugungacha ekilgan 950 gektar maydonning 600 gektariga chigit ekildi. Tumanimizda bu yil birinchi marta 75 sxemada qo‘shqator usulda chigit ekdik.

Amaliyotda plenka ostiga qo‘shqator chigit ekish avval ham bo‘lgan. Ammo To‘raqo‘rg‘onda ilk bor 75 sxema qo‘llanmoqda. “Baxtiyor Ne’matjon Shavkatjon” fermer xo‘jaligi shu usul tashabbuskori bo‘ldi.
— Chigit orasi 12-14 santimetr, qator orasi 60-62 santimetr. Maqsad mashinada terish, katta hosil olish, ko‘chat sonini ko‘paytirish, – deydi ilg‘or fermer Baxtiyor Tojiboyev. – Bir gektarda mana shu holatda 180 mingtagacha ko‘chat bo‘ladi. Bu yilgi niyatimiz gektaridan kamida 60 sentner hosil olish.
Paxtadan 60 sentner – bu bo‘lishi mumkinmi, deya ikkilanmang. Fermer xo‘jaligi uch yildirki tomchilatib sug‘orish va plenka ostiga chigit ekish uslubini qo‘llab kelmoqda. Dastlabki yiliyoq 46 sentnerdan, 2022 yilda esa o‘rtacha 50 sentnerdan hosil ko‘tarildi. O‘shandayoq ayrim yerlar hosildorligi 60 sentnergacha yetgan edi. Bu yil esa 140 gektar plenka ostiga chigit ekilgan maydondan 850-900 tonna hosil yetishtiramiz, deya mehnat qilmoqdalar. Ba’zan tomchilatib sug‘orish serxarajat usul deguvchilar ham bo‘ladi. Lekin...

— Davlat bizga gektariga 8 million so‘mdan subsidiya beryapti. Suv solig‘idan imtiyoz bor. Bu yildan elektr energiyaning 50 foiz xarajati qoplanyapti. Besh yil davomida yer solig‘idan ozod qilinyapmiz, — deydi Baxtiyorjon Tojiboyev.
To‘raqo‘rg‘on tumanida “Buxoro-102”, “Andijon-35” navlari sinalgan. Ammo ilm-fan rivojlanyapti. Dehqonchilikka tezpishar, serhosil navlar kirib kelmoqda.
— Mana shu maydonlarga yangi yaratilgan “S-65/75” navi ekilgan. U shoxlamaydi, tez o‘sadi va mashina terimiga mos. U plenka ostiga ekishda yaxshi natija berdi, – deydi “Namangan to‘qimachi” klasteri agronom-maslahatchisi Abdurahmat To‘ychiyev.

Yaqin-yaqingacha paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish dehqonlar orasidagi bahsli mavzu edi. Ammo Baxtiyorjon Tojiboyev kabi fermerlar bu usulda yuqori hosil va katta daromad olish mumkinligini amalda isbotlaganidan so‘ng, hozir qaysi fermer dalasiga bormang, havza qazib yangi jihozlar o‘rnatilayotganini ko‘rasiz.
To‘raqo‘rg‘onda fermer ko‘ngli to‘q. Dala shiyponlari obod. Uning agrotexnik amallarni bajara oladigan texnikasi bor. Omborida keragicha urug‘lik chigiti va o‘g‘iti g‘amlab qo‘yilgan. Shundanmi, chigit ekish jadal davom etyapti. Biz bashoratchi emasmiz. Ammo, yaratilgan sharoit, ish surati 5 aprelga qadar, ya’ni eng maqbul muddatda To‘raqo‘rg‘on tumanida chigit ekish yakuniga yetishidan darak bermoqda. Fermer Baxtiyorjon Tojiboyev dalasida esa dastlabki ekilgan urug‘lar nish ura boshladi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA