English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Namangan iftixori – 2024”: fidoyilar e’tiborga loyiq
09:09 / 2025-01-05

Yakuniga yetgan 2024 – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” namanganlik sportchilar, madaniyat va turizm hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun salmoqli yutuqlarga boy bo‘ldi.

Jumladan, iqtidorli sportchilar tomonidan O‘zbekiston chempionati va kubogi, Osiyo va jahon chempionatlari, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalarda jami 2 ming 907 ta medal qo‘lga kiritildi.

Bokschilar Murodjon Ahmadaliyev, Jasurbek Yo‘ldoshev, og‘ir atletikachi Muhammadqodir Toshtemirov, futbolchi Umarali Rahmonaliyev, taekvondochi Gulsanam Alijonova, tennischi Humoyun Sultonovning g‘alabalari tahsinga sazovor.  

Ayniqsa, Fransiya poytaxti mezbonligida o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lgan Tolibboy Yo‘ldoshev, Nurxon Qurbonova, Kumush Xo‘jayevaning g‘alaba onlari muxlislarga zavq ulashdi.  

Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan “Namangan iftixori-2024” taqdirlash marosimida ana shunday 35 nafar fidoyining mehnatlari e’tirof etildi. Binobarin, rag‘bat – ezgu tashabbus, maqsad va intilishlarga qanot va kelgusidagi yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Viloyatda milliy madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish, xalq og‘zaki ijodiyoti, havaskorlik san’atini yanada ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda 146 ta madaniyat va san’at sohasidagi tashkilot izchil faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 80 dan ziyod madaniyat markazlari qoshidagi 464 ta to‘garakda 8 ming nafarga yaqin havaskor yosh iste’dodini o‘stirmoqda.  

Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda bolalar musiqa va san’at maktablarida 3 595 nafar o‘g‘il-qiz san’at sirlarini o‘rganmoqda. O‘tgan yillarda ulardan 220 nafari respublika va  xalqaro tanlovlarda g‘oliblar qatoridan joy oldi.

Namangan viloyati iqtisodiyotining “drayver”laridan sanalgan turizm salohiyati yil sayin o‘smoqda. Xususan, 2024 yil davomida viloyatga 613,9 ming nafar xorijiy, 3785,3 ming mahalliy turist kelgan va ularga 195 million dollardan ziyod turizm xizmatlari ko‘rsatildi. Bunda 63-xalqaro “Gullar festivali” mazmun-mohiyati va ishtirokchilar qamrovi bilan o‘ziga xos tarzda o‘tganligi muhim o‘rin tutdi.  

“To‘rtinchi hokimiyat” sifatida e’tirof etilgan OAV viloyatda jadal rivoj topmoqda. Viloyatda 38 nomda gazeta va jurnal chop etilayotgani, 71 matbaa korxonasi, 9 nashriyot, shuningdek, 14 ta hokimlik hamda 26 ta turli idoralarning axborot xizmati faoliyat yuritayotgani tizimda ijobiy ishlar davom etayotganidan darak beradi.  

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida viloyat sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA