Ishchi tashrif bilan Ar-Riyodda bo‘lib turgan Namangan viloyati delegatsiyasi va yurtimizning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida diplomatimiz Saudiya Arabistoni Namangan uchun istiqbolli hamkorlik manzili ekanini ta’kidlab, turizm, to‘qimachilik va bog‘dorchilikdagi yangi loyihalar har ikki tomon uchun manfaatli ekanini aytib o‘tdi.
– Jidda va Makkada boy artefaktlarga ega xususiy muzeylar mavjud, -dedi elchi N.Turg‘unov. – Ularda Namanganga oid eksponatlar bor. Shuningdek, gulchilik yo‘nalishida Toif-Namangan hamkorligi ikki tomon uchun boy tajriba bo‘ladi.
Uchrashuv davomida “Axsikent” arxeologiya parki rahbari Anvar Ikromov samimiy qabul uchun elchimizga minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Namangan turizmi yangi joziba kasb etayotgani, ayniqsa, ko‘hna Axsikent, Pop tog‘lari, xalqaro gullar festivali arab davlatlari uchun yangi sayyohlik lokatsiyasi bo‘layotganiga urg‘u berdi. Shuningdek, muloqot so‘ngida “Axsikent” arxeologiya parki kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.
M.Pirmatova, O‘zA