Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan davlat universitetida “Press klubi” faoliyat boshladi
10:30 / 2021-06-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyun kuni “Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijadorligi hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari”ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, sohani rivojlantirishda yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universitetida “Press klubi” tashkil etildi. Universitetning «Ochiq tabiatdagi relaksatsion markazi»da o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda oliy ta’lim sifatini oshirish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Universitetda 2021/2022 o‘quv yili uchun ochilishi rejalashtirilayotgan yangi ta’lim yo‘nalishlari, xususan, tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, universitetning kafedralar faoliyatini tubdan takomillashtirish, Respublika va jahon miqyosida yutuqlarga erishayotgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, o‘quv reja va adabiyotlarini zamon talablariga mos ravishda qaytadan ko‘rib chiqish, kafedralarning tarmoq korxonalari bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, talabalar turar joyida o‘rinlar sonini ko‘paytirish, bozor talablariga mos va kadrlarga ehtiyoji yuqori ta’lim yo‘nalishlarini ochish masalalari tahlil qilindi.

Oliy ta’limga qamrov soni muttasil tarzda oshirib borilmoqda. Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, Namangan davlat universitetida talabalar soni 2016 yilda 3 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 21 ming nafardan ortdi. Boshqacha aytganda, oliygohga qamrov yetti barobarga oshirildi. O‘quv binolari soni 11 taga yetkazilib, 18 ta fakultetda 52 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.

– Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida kafedralarga keng vakolat berilishi haqida ham topshiriq bergandi, – dedi Namangan avlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov. – Ayni shundan kelib chiqqan holda universitetda mavjud kafedralarda yosh, izlanuvchan kadrlarni to‘g‘ri tanlash, ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish, ilmiy-tadqiqot markazlarini ko‘paytirish orqali qo‘shimcha daromad topishga e’tibor kuchaytiriladi. Kelgusida har bir kafedraga xorijiy OTMlardan mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 2020-2021 o‘quv yilida kunduzgi ta’limda yurisprudensiya, biotexnologiya, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish, sirtqi ta’limda esa filologiya va tillarni o‘qitish, matematika, geografiya kabi yangi yo‘nalishlar ochildi.  

Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangan davlat universitetida 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan “Innovatsion fakultet”ni barpo etish vazifasi belgilab berilishi oliygohni istiqbolda rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining matematika instituti Namangan davlat universitetida o‘z hududiy bo‘linmasini tashkil etdi. Hududiy bo‘linma vodiy viloyatlaridagi 13 ta oliy o‘quv yurti va filiallar matematika kafedralarining 200 nafardan ortiq professor-o‘qituvchisi, doktorant va mustaqil izlanuvchilarni qamrab oldi.

Shuningdek, universitetda Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat shahar va tumanlaridagi 206 ta umumta’lim maktabida universitet to‘garaklari, 159 ta maktabda esa uslubiy markazlar tashkil etildi.

Yangi tashkil etilgan “Press klubi” tomonidan nafaqat universitetda, balki shahar va tumanlarda, olis qishloq va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ham muntazam uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Zero, “Press klubi” faqat universitet faoliyati muhokamasi va targ‘iboti bilangina cheklanib qolmay, balki viloyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va muammolarni aholiga yetkazib boradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA