Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida Namangan davlat universitetida ham 2022-2023 o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Universitetga joriy qabul jarayonida tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya, sport faoliyati (xotin-qizlar sporti, voleybol va kurash) yo‘nalishlari bo‘yicha 3009 nafar abituriyentdan hujjatlar kelib tushdi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning dastlabki kunida abituriyentlarning 312 nafari sport faoliyati (xotin-qizlar sporti, voleybol va kurash) yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat, kuch, epchillik, tezkorlik asosida sinovdan o‘tdi.

Albatta, mazkur yo‘nalishga hujjat topshirgan abituriyentlar bu yo‘lni shunchaki xohish bilangina tanlagan emas. Bu soha o‘z egasidan sog‘lom va kuchlilik, metin iroda, musobaqa va mashg‘ulotlarda toblanganlikni taqozo etadi. Demak, talabalikka talabgorlar kuchlilar ichra eng kuchli, mahoratlilar ichra eng mahoratli bo‘la olishi kerak. Ayni shu boisdan ham imtihonlar birinchi kundayoq nafaqat jiddiy sinov ekanligi bilan, balki yoshlarni o‘zaro hamfikrlilik va do‘stona munosabatlarga chorlagani bilan katta ahamiyat kasb etdi.

– Oliy ta’lim muassasamizda joriy yilgi qabul jarayonida sport faoliyati (xotin-qizlar sporti) yo‘nalishi bo‘yicha 141 nafar abituriyent talabalik uchun belgilangan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti “Press klub” rahbari Sanjarbek Hamidov. – Imtihonlar universitetimiz 1-binosidagi sport zali va Namangan shahridagi “Yosh kuch” o‘yingohida bo‘lib o‘tmoqda. Har ikki hududda abituriyentlarning o‘z salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Darhaqiqat, oliy ta’lim muassasalarida boshlangan kasbiy (ijodiy) imtihonlar abituriyentlar uchun eng mas’uliyatli va hal qiluvchi davrni boshlab berdi. Imtihonlar shu yilning 10 avgustiga qadar davom etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA