English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan – “Bir millionli shahar” maqomiga yaqinlashmoqda
18:11 / 2024-05-08

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Samarqand va Namangan shaharlarini “millionli shahar” maqomiga aylantirish, shu orqali hudud infratuzilmasi hamda turizmni rivojlantirish borasida topshiriqlar yuklatilgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Namangan shahrining markazi hisoblangan “Sohil bo‘yi”da “Namangan/TXT group” kompaniyasi tomonidan xorijiy investorlar hamkorligida 75 million dollar investitsiya mablag‘i hisobidan zamonaviy “Central avenue” turar-joy majmuasi qurish ishlari boshlandi. Ushbu yirik majmua Yevropa brendi ostida besh yulduzli mehmonxona, yer osti avtoturargohiga ega pastki qavatlarida noturar, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari bo‘lgan beshta 20 va 16 qavatli turar-joy majmuasi, “pent-xaus”, bolalar o‘yingohi, futbol maydonchasi, piyodalar yo‘lagi, favvora va “Yashil hudud”dan iborat bo‘ladi. 

Zamonaviy turar-joy majmuasi qurilishi jarayoni bilan tanishgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bir guruh nuroniylar bilan suhbatlashib, “Bir millionli shahar” maqomiga yarasha bu kabi bunyodkorliklar izchil davom ettirilishini ta’kidladi. Jonliq so‘yilib, xayrli ishlarga muvaffaqiyat tilab, duoga qo‘l ochildi. 

Ma’lumot o‘rnida, yirik loyihani amalga oshirish jarayonida qurilish ishlarida 300 dan ziyod odam bandligi ta’minlanadi. Loyiha yakunlangandan so‘ng yangi tadbirkorlik subyektlari va 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yuzaga keladi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.