Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namangan bayramni Yangi O‘zbekistonga xos yutuqlar bilan qarshi oldi
15:30 / 2025-08-31

Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz to‘rt yilligi bayramini bunyodkor va azmu shijoatli namanganliklar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ezgu g‘oyasini dilga joy qilgan holda katta tantana bilan nishonlamoqda.

Asosiy bayram tadbiri Davlatobod tumanida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ning muhtasham amfiteatrida o‘tkazilib, unga viloyat faollari, deputatlar, keng jamoatchilik vakillari – nuroniylar, mehnat ilg‘orlari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastavval, Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi kuni bilan tabriklab, so‘nggi yillarda viloyatda aholi farovonligini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish, yurt obodligi, aholi turmush tarzini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar jarayonida namanganliklar ham faol ishtirok etib, salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Prezidentimiz tomonidan Respublikaning kichik biznes, tadbirkorlik va sanoat markazi sifatida alohida qayd etilgan gullar diyorida barpo qilingan zamonaviy infratuzilma, ijtimoiy soha, bunyodkorlik, sanoat va iqtisodiyotda erishilayotgan yutuqlar aholi turmush tarzini sezilarli darajada yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘tgan davr ichida aholi bilan manzilli ishlanishi natijasida, 52,5 mingdan ziyod oilalardagi 222 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Birgina 2024 yilda viloyatda kambag‘allik darajasini 7,6 foizga qisqartirishga erishildi. Joriy yil yakuni bilan esa bu ko‘rsatkichni 4,5 foizga tushirish bo‘yicha aniq dastur asosida ish olib bormoqda.

Ayni vaqtda, viloyatda ikkita erkin iqtisodiy hamda 74 ta kichik sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan 2 mingga yaqin korxonalar iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Namangan mamlakatning to‘qimachilik sanoat tarmog‘i rivojlangan hududi hisoblanib, 2 ming 500 dan ortiq to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Yo‘lsozlik va transport infratuzilmasi ham jadal rivojlanmoqda. Oxirgi sakkiz yilda 5 ming 415 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 37 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich qurildi va ta’mirlandi. Joriy yil Namanganda jami 1 ming 119 chaqirim yo‘lda qurilish va ta’mirlash, to‘qqizta ko‘prikda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Uychi va Norin tumanlarini bog‘lovchi Norin daryosida “Norin GESlar kaskadi qurilishi” loyihasini ham katta imkoniyatlardan oqilona foydalanish sifatida ko‘rish mumkin. Hozirda qurilishi qizg‘in olib borilayotgan kaskad oltita GESdan iborat bo‘lib, har birining quvvati 38 MVtni tashkil qiladi.
Shuningdek, vodiyning asosiy havo darvozasi hisoblangan “Namangan xalqaro aeroporti”da davlat-xususiy sherikchilik asosida keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida yangi terminal, keytering, xo‘jalik binolari qurilib, aeroportning yo‘lovchi terminali quvvati soatiga bir ming nafarga yetkaziladi.

Mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsion muhit natijasida investitsiyalar hajmi yildan-yilga keskin ortishiga erishilmoqda. Jumladan, so‘nggi yilda jami 4,8 milliard dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etilib, 2017 yilga nisbatan o‘sish 150 barobarga ortdi. Masalan, Germaniyaning Xelaba bank ishtirokida “Iftixor kiyim sanoati” korxonasi 198 million dollar, Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi “Coca-Cola Ichimligi Namangan” xorijiy korxonasi 60 million dollar, Xitoy investorlari tufayli “Megaton” korxonasi 40 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirdi.

Keyingi yillarda Namanganda turizm sohasida yangi lokatsiyalar soni ortib, o‘ziga xos tashrif qog‘ozi yaratilmoqda. Xalqaro maydonda Namangan brendiga aylangan “Gullar festivali” joriy yilda ilk bor 50 kun davom etib, dunyo miqyosidagi muhim voqelikka aylandi. Anjumanda 8 trillion so‘mlik savdo va xizmatlar ko‘rsatildi, 100 mingga yaqin fuqarolar mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Gullarni ko‘rish uchun Namanganga yetti milliondan ziyod mehmon, xususan 800 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Bayram dasturida viloyat san’at ustalari va yurtimizning taniqli xonandalari ijro etgan kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, harbiylar hamda quvnoq bolajonlarning chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Milena Madmusayeva va Yahyobek Mo‘minovning qo‘shiqlari raqslarga ulandi.
Fayzli oqshom shukuhidagi bayram kechasi Namangan osmonida porlagan maftunkor mushakbozlik bilan yakunlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.