Joriy yilning 13-14 fevral kunlari Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida ikkinchi Xalqaro “Namangan avto festivali” bo‘lib o‘tadi.
An’anaga aylangan mazkur turizm anjumani doirasida yosh avtoustalar o‘rtasida musobaqalar, retro va noyob avtomobillar ishtirokidagi avtoparad, zamonaviy va klassik avtomobillar ko‘rgazmasi, avtosport shou-dasturlari hamda tomoshabinlar uchun qiziqarli ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.
Mazkur festival nafaqat viloyat va vodiy ahli, balki mamlakatimiz hududlari hamda qo‘shni Markaziy Osiyo Respublikalaridagi avto havaskorlarni ham o‘ziga rom etishi tabiiy. Bu o‘z navbatida ushbu yirik xalqaro tadbirga munosib hozirlik ko‘rishni taqozo qiladi.
[gallery-27496]
Anjuman oldidan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida II-xalqaro “Namangan avto festivali”ni yuqori saviyada tashkil etishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda tegishli boshqarma va tashkilotlar mas’ullari, viloyatda faoliyat olib borayotgan avtosalonlar rahbarlari, mahoratli avto-tyuning ustalari, avtomobil yo‘nalishidagi bloger, avtomobilsozlik sohasida ish olib borayotgan yirik tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirok etdi.
O‘tgan yili ilk bor tashkil etilgan xalqaro festivalga yurtimiz viloyatlari va qardosh davlatlardan ham avtomoto ishqibozlari tashrif buyurgan edi. Bu yil uning qamrovi yanada kengayishi kutilmoqda. Yig‘ilish davomida festivalni xalqaro talablar asosida, yuqori saviyada o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, qatnashish istagida bo‘lgan talabgorlar soni ortayotgani, sabab, avto-shoular va ko‘rgazmalar tashkil etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat rahbari festival Namanganning turistik salohiyatini oshirish va hudud imijini xalqaro miqyosda mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, festivalga puxta taraddud ko‘rish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.