Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.
Yil boshidan viloyatga 1 million 200 ming xorijiy, 2 million mahalliy sayyoh keldi, turizm eksporti 200 million dollardan oshdi.
Bunda har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivalining o‘rni katta ekani ta’kidlandi.
Hozir Namangan aeroporti turistlar oqimiga kichiklik qilmoqda. 140 million dollar investitsiya hisobiga Namangan aeroporti rekonstruksiya qilinmoqda. Yangi terminal ishga tushsa, yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi.
Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasini ham rivojlantirish kerakligi aytildi.
Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri – Chortoq tumani imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti. Turistlar uchun onlayn ma’lumot olish, joyni oldindan band qilish kabi oddiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilmagan. Davolanishga kelgan odamlar vaqtini mazmunli o‘tkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoit yaratilmagan.
Shu munosabat bilan Chortoqni butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirish topshirildi. Chortoqdagi loyihalar infratuzilmasi uchun 50 million dollar ajratilishi aytildi.
O‘zA