Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Najot” gazetasi haqida bilasizmi?
19:22 / 2020-06-24

“Najot” gazetasi 1917-yilning 23-martidan oʻsha yilning iyuniga qadar faoliyat yuritib, Turkiston musulmonlari markaziy shoʻrosining nashri sifatida dunyoga kelgan.


“Najot” gazetasi 1917-yilning 23-martidan oʻsha yilning iyuniga qadar faoliyat yuritib, Turkiston musulmonlari markaziy shoʻrosining nashri sifatida dunyoga kelgan.

Munavvar qori Abdurashidxonov muharrir boʻlgan ushbu gazeta Abdulla Avloniyning yozishicha, chor hukumati zulmidan qutilish uchun “Najot”, deb nomlangan. Gazetaning maslak va maqsadini ifodalovchi “Xitobnoma”sida “Bizning shiorimiz – musulmonlar birikingiz. Biz musulmonlar aksari “demokrat”, yaʼni avom atalgan xalqdan iboratdir... Sinflarning farqlari musulmonlar orasida juda zaif, bizning kamolotimiz shundadir. Kamchiligimiz ham shunda, sinflarning farqlari siyosiy hayotni juda kuchaytiradir, uning fazilati shundadir. Lekin ul millatni boʻladir – oning kamchiligi shundadir, biz fazilatimizni orttiraylik, kamchiligimizni tugallataylik. Yashasin zoʻr islom dunyosi”, deyilgan.

Shu oʻrinda “Najot”ning mavjud sonlarini varaqlaymiz. Uning 10-sonida Salohiddin Muftizodaning “Sukut qiling! Sohibi sarvatlarning nidosi” maqolasiga raddiyasi bosilgan. Maqola muallifi mavjud iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanib, bolsheviklarni tashabbusni oʻz qoʻllariga olishga chaqiradi, kambagʻal qatlamlarni boylarga qarshi qoʻyadi. S.Muftizoda buning oqibatini oldindan koʻrgani holda davlatmand insonlarga murojaat qilib, xalq orasida notinchlik va hukumatga ishonchsizlikning tarafdori boʻlgan kuchlarning gʻarazli maqsadidan ogohlantiradi. Bozorlarni arzonlashtirish, xalqning eng zaruriy muammolarini zudlik bilan hal etishga chaqiradi. 

“Najot”ning 12-sonida S.Muftizoda “Tahqiqsiz sadjoqat” maqolasini “Men “Turon” jamiyati aʼzosiman, taraqqiyparvarman. Taraqqiyparvarlik din va shariat ila qoyimdir”, deb boshlaydi. Shundan soʻng maqsadga oʻtib, gazetaning avvalgi sonida oʻzini taraqqiyparvar, deb tanishtirgan Husayinovning “Turkistanskiy kuryer” gazetasini taraqqiyparvarlarga xizmat qilgan gazeta sifatida tanishtirishiga qarshi chiqadi. Aksincha, bu gazetaning Turkistondagi missionerlik faoliyatiga oid maqolalarini misol keltirib, Husayinovning oʻzini tanazzulparvarlikda ayblaydi.

Oʻsha davrlarda bosma nashrlar oʻz soʻzi, oʻrniga ega boʻlgan mutaxassislarning maqolalarini chop etardi. Kerak boʻlsa, haq soʻzni aytishdan choʻchimaydigan edi. Lekin ularga ham bosimlar, qarshiliklar, maqolalarga raddiyalar berilgan. Ammo oʻquvchi oʻzi uchun kerakli xulosani chiqarib olishiga imkoniyat yaratilgan.

Mardikorlikdan qaytganlarning bir qismi allaqachon bolsheviklar taʼsiriga tushib qolgan edi. Ular oʻz xabarlari va maʼlumotlarida ayni shu masalaga eʼtibor qaratadi. “Qardoshlik hissi” nomli xabarda Andijondagi “Aynul Islom” jamiyati 5-may kuni Yettisuvdagi ochlikni muhokama qilib, 4 kishilik komissiya qirgʻiz qardoshlar uchun iona yiqqani va 12-may kuni “Aynul Islom” raisi mullo Zahriddin Aʼlam 427 soʻmni pochta orqali muhtojlarga yoʻllaganini xabar beradi. Shuningdek, Mullo Abdurahmon Abdulqayyum oʻgʻli Xoʻjandda Hoji Homid mullo Qosim oʻgʻlining bozorga urugʻlik chiqarib tekinga tarqatgani, Toshkentdagi “Guliston” jamiyatining maktab va madrasalarda oʻqiyotgan ham moddiy, ham maʼnaviy yordamga muhtoj yoshlarga koʻmakka tayyorligi haqida xabar beradi.

Qoʻqonda Imomnazar qori Ali Nazar oʻgʻlining Misr, Istanbul, Bayrut va tatar nashrlarida chiqqan yangi kitoblarni olib kelib, “Zamon” nomli kutubxona ochgani va 3-may kuni Qoʻqonda “Hurriyat” nomida nashriyot shirkati taʼsis etilgani haqida yoziladi.

Shokirjon Rahimiyning “Sh.R.” imzosi ostida yozgan “Hurriyatdan nechuk foydalanamiz?” maqolasi “Ostroumov boboy missioner Turkistonni qalin koʻrpaga oʻrab uxlatishda oʻziga “qadimchi ulamolar”ni doʻst etdi”, degan xulosasi bilan ahamiyatli boʻlsa, Gʻuljalik Toshmuhammad al Noamiy oʻz maqolasida “... hech bir xayolimizga kelmagan ushbu shodlik va hurriyat ila jumla dindosh va vatandoshlarimizni chin koʻnglimdan tabrik qilaman. 

Turkiston ziyolilaridan oʻtinamanki, har xususda xizmatlarini ayamay vatanimiz boʻlgan Turkiston uchun har bir foydalik ishlarni ishlashga, shundogʻ vaqtda har bir minutni zoye qilmasdan mumkin qadar tezlik ila vatanimizga eng zaruriy boʻlgan har bir kamchiliklarimizni toʻldirmoq va shul maqsadda hurriyatdan foydalanmoq yoʻllarini qidirsalar. Aholini hurriyatdan ogohlantirib, hurriyatning nima ekanligini va qancha yildan beri tortisha-tortisha nihoyatta koʻp qon toʻkilganidan keyin kelib chiqqan bul hurriyatning qadrini bilib, zamonaga muvofiq ishlar qilishga yoʻlboshchi boʻlsalar. 

Ham mumkin qadar xizmatlarin ayamay xalq orasinda birlik fikrini tarqatib birlashtirmak hamda shul birlashuv orqasinda har bir diniy va milliy ishlarni yoʻlga solmoq, maktab va madrasalarimizni eski koʻyicha qoldirmay, zamonaga muvofiq keng programmali qilib isloh qilmoq, milliy matbuot xususida har bir boʻlgan ogʻriqlarni yoʻq qilib, gazeta-jurnallar nashriga kirishmakdir", degan fikrlari bilan ahamiyatlidir.

Xullas, bu gazetaning bor-yoʻgʻi 20 ta son chiqqan. 5 ta soni ancha abgor holda boʻlsa ham kutubxonalarimizda mavjud. Kelgusida uning qolgan sonlarini jamlab, tadqiq etishga muyassar boʻlarmiz.

Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori.