Tarix charxpalagi millat boshiga shunday og‘ir sinovlarni solganki, unda nafaqat davlat chegaralari, balki xalqning mavjudligi ham xavf ostida qolgan. 1512 yilning yoz chillasida Turon osmonida ana shunday qora bulutlar paydo bo‘lgan edi. Tarixchi Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” asaridagi guvohliklar o‘sha davr nafasini bugungi kungacha yetib kelishini ta’minladi. Asar sahifalaridan ma’lum bo‘lishicha, safaviylar qo‘mondoni Najmi Soniy sakson ming kishilik qo‘shin bilan Amudaryodan o‘tib, Samarqand tomon yurish boshlaydi. Muarrixning ta’biri bilan aytganda, bu lashkarning zirh va qurol-yarog‘lari ko‘pligidan ular “temir tog‘i”ni eslatardi. Bosqinchining maqsadi faqat hududni egallash emas, balki mahalliy aholi ruhini butunlay sindirish bo‘lgan. U Samarqandni tekislab, o‘rnida qovun ekish va hosilini Eron shohiga yuborish, so‘ngra Xitoygacha yurish qilish da’vosi bilan lof urardi.
Bu mash’um xabar Samarqand ahliga yetib borgach, ko‘pchilikni umidsizlik egallaydi. Hatto zamonasining yirik ulamolaridan bo‘lgan mavlono Xoja Tabriziy ham tolibi ilmlarni to‘plab, omon qolish uchun Hindistonga bosh olib ketish taraddudini ko‘radi. Biroq, taqdir yo‘rig‘i boshqa edi. Vosifiyning yozishicha, o‘sha tunda ko‘rilgan tush – osmondan sut (ma’rifat va imon ramzi) yog‘ilishi ulamolarni fikridan qaytaradi. Ular Vatanni tashlab qochish emas, balki shu tuproqda qolib, ma’naviy kuch bilan g‘alabaga hissa qo‘shishga qaror qiladilar. Bu voqea xalq ruhiyatida sinish emas, aksincha, ichki bir safarbarlik boshlanganidan dalolat berardi.
Janggohlardagi vaziyat esa g‘oyat qaltis tus olgandi. Qizilboshlar Qarshi shahrini egallab, aholini ayovsiz qirg‘in qiladi. Bu xunrezlik xabari Ubaydullaxonni chuqur iztirobga soladi. Lashkarning ozligi va dushmanning haddan tashqari ko‘pligi har qanday sarkardani ham ikkilantirib qo‘yishi tabiiy hol. Shunday tahlikali pallada ma’naviy pirlarning o‘rni naqadar muhimligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Amir Sayid Abdulla (Mir Arab) tushkunlikka tushgan xonga qarata Qur’oni Karimdagi ko‘pincha kichik guruh katta guruh ustidan g‘alaba qozonadi mazmunidagi oyatlarni eslatib, uni jangga ruhlantiradi. “Bola yig‘lamasa, halvofurush halvo bermaydi” qabilidagi majoziy tanbeh bilan xonni harakatga chorlaydi. Pirovardida, Ubaydullaxon va Jonibek sultonlar o‘z qo‘shinlarini qayta tizib, vatan himoyasi uchun hal qiluvchi jangga kirishadilar.
Dushman qo‘nog‘ida esa butkul o‘zgacha manzara hukm surardi. Najmi Soniyning kibru havosi falakka yetgan, u o‘zini allaqachon g‘olib deb hisoblardi. G‘ijduvon qal’asi qamal qilingan bir paytda, u shatranj va nard o‘ynab, aysh-ishrat bilan band edi. Tarixchi Vosifiy uning atrofidagi muhitni tasvirlar ekan, saroydagi laganbardor shoirlar va mohir shatranjbozlar haqida batafsil to‘xtaladi. Dushman sarkardasi harbiy kengash o‘rniga o‘yin-kulgi majlislarini afzal bilardi. Uning bu g‘ofilligi va cheksiz takabburligi, oxir-oqibat, o‘z boshiga yetdi. O‘zbek lashkari to‘satdan hujum boshlaganda, Najmi Soniy hatto otga minishga ham ulgurmaydi. Vosifiy yozganidek, “Takabburlik bilan arshi a’loga ko‘tarilgan bosh, yo‘lga to‘shalgan toshdek oyoqosti bo‘ldi”.
Bu tarixiy g‘alabadan so‘ng Turonda nafaqat siyosiy barqarorlik, balki madaniy uyg‘onish ham boshlandi. Mamlakatda tinchlik o‘rnatilgach, Buxoro va Samarqand yana ilm-fan markaziga aylandi. Vosifiyning o‘zi Samarqanddan Buxoroga safar qilar ekan, shaharning muhtasham devorlari va Ulug‘bek madrasasining salobatini hayrat bilan tasvirlaydi. Buxoro faqat ma’muriy markaz emas, balki shoirlar va olimlar jamlanadigan ma’rifat o‘chog‘i edi.
Ubaydullaxonning shaxsiyatida ham faqat jangchi emas, balki nozik didli adabiyot homiysi gavdalanadi. Vosifiy o‘z qasidalarini xonga taqdim etganda, hukmdor she’riyatning nozik qirralarini teran tushunishini namoyish etadi. Xon shoirning iste’dodiga tan berib, unga yuksak ehtirom ko‘rsatadi, ot va mablag‘ bilan mukofotlaydi. Ayniqsa, Vosifiyning Qur’on qiroatidagi mahorati va xotirasining kuchliligi hukmdorda chuqur taassurot qoldiradi. Bu tarixiy lavhalar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek davlatchiligi tarixida qilich va qalam doimo yonma-yon yurgan. Davlatni himoya qilishda jasorat qanchalik zarur bo‘lsa, millat ruhini saqlashda ma’rifat shunchalik muhim ahamiyat kasb etgan.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, 1512 yilgi voqealar shunchalik harbiy to‘qnashuv emas, balki ikki xil dunyoqarash kurashi edi. Bir tomonda o‘z kuchiga ishonib, xalqlarni mensimagan bosqinchi, ikkinchi tomonda esa o‘z tuprog‘i, dini va ori uchun birlashgan xalq turardi. Najmi Soniyning mag‘lubiyati – tarixning o‘zgarmas qonuniyatidir: zulm va kibr qanchalik kuchaygani bilan, adolat va ma’rifat oldida baribir ojiz qolaveradi. “Badoye’ ul-vaqoye’” asari esa bizga ana shu buyuk haqiqatni eslatib turadi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA