Yaponiyaning Nagoya universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Yamada Toshiyuki boshchiligidagi delegatsiya Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Akmal Ahatov bilan kechgan uchrashuvda talaba, tadqiqotchi, professor-o‘qituvchilar almashinuvi haqida so‘z bordi. Samarqand oliygohi ilmiy izlanuvchilarining Nagoya universiteti doktoranturasida o‘qishi va Yaponiyada dissertatsiya himoya qilishi masalalari muhokama etildi. Hamkorlikda yaylov muammosi, kimyo, fizika, yadro fizikasi, muhandislik sohalarida ilmiy-tadqiqot olib borish yuzasidan fikr almashildi. SamDU Botanika bog‘i hududida “Yapon bog‘i” tashkil etishga kelishib olindi.

– Ilk bor Samarqandga kelishim, ajoyib shahar ekan, menga juda yoqdi, – deydi Yamada Toshiyuki. – Samarqand davlat universitetida yaxshi ilmiy muhit shakllangan. Muassasa kampuslari juda chiroyli. Hamkorligimiz samara berishiga ishonaman.

Delegatsiya rahbari universitetda yapon tili va madaniyati markazi tashkil etilgani, yaponiyalik talabalar tahsil olayotganidan mamnunligini izhor etdi. Shuningdek, SamDUga Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar tashrif buyurgani, uning nomi bilan laboratoriya tashkil qilinganini muhim voqelik sifatida e’tirof etdi.

O‘zA