Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlik mustahkamlanadi
16:38 / 2021-06-18

Toshkent davlat yuridik universiteti Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘ydi. Shu munosabat bilan ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan uchrashuvda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti Saburi Xaruo va ikki oliy ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Onlayn uchrashuvda, avvalo, har ikkala universitet rektorlari o‘z oliy ta’lim muassasalari faoliyati haqida to‘xtalib, ta’lim jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va xalqaro hamkorlik xususida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, imzolangan memorandum hamda undan ko‘zlangan maqsad-vazifalar haqida batafsil so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, mazkur hujjat ikkala oliygoh o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish, stajirovka, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, har yili Toshkent davlat yuridik universiteti 4 nafar talabani Nagoya iqtisodiyot universitetiga bir semestr yoki bir akademik yil muddatga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Qayd etish joizki, 2018 yil Toshkent davlat yuridik universiteti va Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘rtasida “Akademik hamkorlik va almashinuv to‘g‘risida»gi kelishuv imzolangan. Ayni paytga qadar kelishiv doirasida qator ilmiy-amaliy konferensiyalar, qo‘shma loyihalar va akademik mobillik dasturlari amalga oshirilgan. Bu gal imzolangan memorandum, unda nazarda tutilgan maqsad-vazifalar ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘taradi. Bu esa talaba yoshlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

 Muhtarama Komilova,   O‘zA