Giyohvandlik shunday baloki, u nafaqat bir insonni tanazzulga yetaklaydi, balki uning oilasi, yaqinlariga ziyon keltiradi, jamiyatdagi tinchlik-totuvlik, xotirjamlikka putur yetkazadi. Shuning uchun bu illat qoralanadi, unga qarshi murosasiz kurash olib boriladi. Xususan, mamlakatimizda ham giyohvandlik, narkotik moddalar savdosi, uning har qanday turini yetishtirish va saqlash kabi harakatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilib, jinoyatga jazoning muqarrarligi, qonun ustuvorligi ta’minlanib kelinmoqda. Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida bu yo‘nalishdagi jinoyatlarga chek qo‘yilmoqda.
Qo‘qon shahrida yashovchi B.F. esa bu qonunlarni chetlab o‘tishni afzal bildi, oqibatda esa jinoyatchiga aylanib, yuzi shuvut bo‘ldi.
U bir necha yillardan buyon giyohvandlik to‘riga ilinib, halovatini yo‘qotdi, uni iste’mol qilmasa turolmaydigan darajaga yetdi. Nafs esa o‘z o‘ljasini jinoyat ko‘chasiga yetakladi, ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qildi...
Kuz kunlaridan biri edi. Giyohvand modda uchun bor- budini ham tikishga tayyor B.F. so‘rab-surishtirib, Farg‘ona tumanidan uning “dardiga darmon” bo‘la oladigan Yodgor ismli shaxsni topdi. Telefon orqali gaplashib, uchrashuv joyini belgiladi. So‘ng ne mashaqqat bilan jamg‘argan 5 ming dollar pulini oldi-da, oilasi, farzandlari rizqi qiyilayotganini xayoliga ham keltirmay, o‘z mashinasida Farg‘ona shahri tomon shoshildi. Shaharning xilvat ko‘chalaridan birida Yodgor bilan uchrashib, giyohvandlik moddasini sotib oldi. Shu pallada yana bir muddat kayf qilishi, joni orom topishi ko‘z oldidan o‘tgan bo‘lsa, ajab emas.
Xalqimizda “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degan naql bor. Shu kuni B.F. muvaffaqiyatli o‘tgan narkotik savdosidan mamnun holda Qo‘qonga qaytdi. Yo‘lda esa DXX viloyat boshqarmasi tezkor bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirga duch keldi. Uning boshqaruvidagi “Gentra” rusumli transport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda o‘rindiq ostida sellofan xaltaga solingan qora rangli, og‘irligi 900 gramm bo‘lgan yopishqoq va o‘tkir hidli modda borligi aniqlandi. Sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ushbu modda opiy giyohvandlik vositasi ekanligi ayon bo‘ldi...
Surishtiruv va tergov jarayonlari nihoyasiga yetib, sud hukmi o‘qildi. B.F. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jazo tayinlandi. Endi u umrining besh yilini panjara ortida o‘tkazadi. Shuningdek, giyohvandlik kasalligidan majburiy tartibda davolash choralari ko‘riladigan bo‘ldi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri