Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nafosat va mahorat bellashuvi
16:03 / 2025-08-22

Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining sport majmuasida yoshlarimiz salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan muhim sport tadbiri – “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining badiiy gimnastika bo‘yicha hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabi direktori Shahlo Narziyeva, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Sirdaryo viloyati ijrochi direktori Bahodir Eshonov so‘zga chiqishdi. Ular davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sport sohasi, ayniqsa yoshlar sport turlarini rivojlantirish, olimpiada zaxiralarini tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.

Bellashuvlarda viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 15–17 yoshli iqtidorli gimnastikachi qizlar ishtirok etdi. Har bir chiqishda nafis harakatlar, musiqaga uyg‘un ritm va san’at darajasidagi estetik ifodalar namoyon bo‘ldi. Hakamlar hay’ati tomonidan aniq va xolis baholar asosida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Natijalarga ko‘ra, Sirdaryo viloyat  gimnastika  sport turlariga  ixtisoslashtirilgan  sport maktabi tarbiyalanuvchilaridan  Odina Ergasheva birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, shu maktabning tarbiyalanuvchilaridan Rayhona Alibekova ikkinchi,  Mastura Qodirova esa uchinchi o‘ringa munosib topildi.

Tadbir yakunlanganda g‘olib va sovrindor sportchilarga viloyat hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

Mazkur musobaqa mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorli sportchilarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi ishlarning amaldagi ifodasidir. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar kelgusida yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladigan chempionlarni tarbiyalashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimiz qayd etganidek, “yoshlar — kelajak poydevori”. Bugungi musobaqalardagi g‘alabalar ertangi Olimpiya chempionlari uchun ilk qadam, Yangi O‘zbekistonning sport tarixida yangi sahifalarni ochadigan muhim jarayon sifatida ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri