Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nafosat va go‘zallik sohibalariga ehtirom ko‘rsatildi
19:12 / 2026-03-07

Mamlakatimizda bahor faslining go‘zalligi va nafosati bilan uyg‘unlashgan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan barcha hududlarda bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Ushbu qutlug‘ sana ayollarimizning jamiyat va oiladagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatishning yana bir yorqin ifodasiga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyatining Guliston, Boyovut, Xovos va Mirzaobod tumanlarida ham xotin-qizlarga bag‘ishlangan bayram tadbirlari tashkil etildi. Go‘zallik, mehr-oqibat va ezgulik tarannum etilgan ushbu tadbirlar ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibor va hurmatning yaqqol namunasi sifatida katta tantana bilan o‘tdi.

Jumladan, Guliston tumanidagi “O‘zbegim”, Boyovut tumanidagi “Sherbek ota”, Xovos tumanidagi “Humo”, Mirzaobod tumanidagi “Asr” tantanalar uylaridagi bayram tadbirlarida tumanlarning fidoiy, mehnatkash va jamoat ishlarida faol ishtirok etuvchi xotin-qizlari, shuningdek, hayot tajribasi va ibratli hayot yo‘li bilan barchaga namuna bo‘lib kelayotgan mo‘’tabar onaxonlar ishtirok etishdi. Ularga bayram munosabati bilan tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va tuhfalar taqdim etildi.

Bayram tadbirlarida ishtirok etgan tuman hokimlari barcha onaxonlar, opa-singillar va dilbar qizlarni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etishdi. Tabrik so‘zlarida ayollarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ularning mehr-muhabbat, sabr-bardosh, matonat va fidoyilik timsoli ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yurtimiz taraqqiyoti, oila muqaddasligini asrash va barkamol avlod tarbiyasida xotin-qizlarning hissasi beqiyos ekani qayd etildi.

Bahor nafasi bilan uyg‘unlashgan bayram tadbirlari davomida ijro etilgan ona va Vatanni ulug‘lovchi dilbar kuy-qo‘shiqlar, jozibador musiqiy chiqishlar va raqslar mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

G‘ulom Primov, O‘zA