Namanganda Xalqaro gullar festivalining ilk bor o‘tkazilganiga ham oltmish yildan ziyod vaqt bo‘libdi. Har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan gullar bayrami mamlakatimizning madaniy-ma’naviy hayotida muhim voqea bo‘ladi desak, mubolag‘a qilmaymiz.
Namanganda 64-bor tashkil etilayotgan Xalqaro “Gullar festivali”ga tayyorgarlik ishlari ayni qizg‘in pallaga kirgan. Bu haqida Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov quyidagilarni ma’lum qildi.
Festival haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, uning kelib chiqish tarixiga to‘xtalib o‘tish joiz. 1961 yilda Namangan shahrida birinchi marta gullar ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Gulzor mahallasida tashkil etilgan ilk bayramda gulparvarlar o‘z bog‘larida yetishtirgan turfa xil gullarni namoyish etgan. O‘tgan asrning 1970-yillariga kelib, gullar ko‘rgazmasi shahar va viloyat miqyosida katta qiziqish uyg‘ota boshladi. Har yili bahor faslida o‘tkaziladigan bu tadbir gulchilar, bog‘bonlar va hunarmandlar uchun muhim platformalardan biriga aylandi.

Gullar bayrami mustaqillik yillarida milliylik, hunarmandchilik va urf-odatlar bilan boyitildi. Unda milliy liboslardagi ishtirokchilar, folklor guruhlar va hunarmandlar faol qatnasha boshladi. Shu bilan birga, tadbirlarni tumanlarda ham tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida 2018 yildan boshlab, gullar bayramiga rasman Xalqaro “Gullar festivali” maqomi berildi. Turli mamlakatlardan gul dizaynerlari, landshaft mutaxassislari, turistik agentlik va ijodkorlar ishtirok eta boshladi.
Nafosat va go‘zallik bayramiga nufuzli xorijiy mehmonlar va turistlarning qiziqishi yil sayin ortayotgani bu tadbirning xalqaro salohiyatini yanada yaqqolroq namoyish qilmoqda. Turizm faqat tarixiy obidalar bilan emas, madaniy tadbirlar orqali ham rivojlanadi. Namangan bugun nafaqat an’analar, balki zamonaviy madaniyat markazi sifatida ham dunyoga dovruq taratmoqda.

Darhaqiqat, Namanganning strategik brendi hisoblangan Xalqaro “Gullar festivali” orqali shahar yanada go‘zallashmoqda, ham o‘zining iqtisodiy, ma’naviy va madaniy yuzini butun jahonga ko‘z-ko‘z qilmoqda.
Keyingi yillarda festival faqat gulchilik an’analari bilan cheklanib qolmayapti. U Namanganning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy rivojida yetakchi vazifani bajarayotgan mustahkam poydevorga aylanmoqda. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonda turizmning yangi-ekoturizm qirrasini ochmoqda. U tarixiy obidalar, zamonaviy, ijodiy, xalqona tadbirlar orqali ham sayyohlarni jalb etish mumkinligini isbotladi. Mehmonlar gul ko‘rish uchungina emas, balki Namangan shahrining musaffo tabiati, madaniyatini, odamlarining tantiligi, qadriyatlarini his qilish uchun ham oshiqmoqda.
Jahon tajribasida madaniyat, iqtisod, turizm, ma’naviyat, jamoatchilik va brend tushunchasi chambarchas bog‘langan. Namangan bugun “Gullar shahri” sifatida butun mamlakatda, hatto, qo‘shni va xorijiy davlatlarda ham tanilib bormoqda. Bu nom to‘g‘ri boshqarilsa, hududiy brendga aylanib, geomarketing asosida investitsiya va turizm oqimini olib kelishda samarali vosita bo‘ladi. Gul yetishtirish, gulchilik sanoati, dizayn, floristika va ekspomarkazlar bu brend ortida turishi mumkin bo‘lgan real iqtisodiy manbalardir.

Navbatdagi festival davomida uch ming nafardan ortiq gulchi, hunarmand va tadbirkorlar o‘z mahsuloti bilan ishtirok etadi. “Eko-gullar”, “Landshaft dizayni”, “Yosh gulchilar” singari yangi yo‘nalishlar keng jamoatchilik e’tiborini qozonishi shubhasiz. Festival doirasida Namangan viloyatining turistik xizmatlar eksporti 150 million AQSH dollaridan oshishi kutilmoqda. Mazkur raqamlar viloyatning madaniy salohiyati qay tariqa iqtisodiy samaradorlikka yuz tutayotganligini yaqqol ko‘rsatadi.
E’tiborlisi shundaki, joriy yilning birinchi choragida Namangan viloyatidan Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga 1,2 million dollarlik gul mahsulotlari eksport qilindi. Gul yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi 460ga yaqin fermer xo‘jaligida yillik aylanmasi ikki barobarga oshgan. Chortoq, Pop, Norin, Namangan va Uchqo‘rg‘on tumanlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorlar ishtirokida beshta yangi gulchilik klasteri tashkil etildi. Festival ular uchun real marketing va biznes muhitini yaratmoqda.
“Gullar shahri” tarifi faqat tantanali emas, strategik investitsiyaviy ahamiyatga ham ega. Jumladan, “BBC Uzbek”, “Euronews”, “Anadolu”, “Kazinform”, “Kabar”, “Ria Novosti”, “Sinxua”, “Fars news” kabi o‘nlab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida ushbu tadbir muntazam yoritilib kelinmoqda. Yosh avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutib, maktablar, kollej va texnikumlar hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida gul mavzusidagi ijodiy tanlovlar orqali estetik ta’lim ham mustahkamlanmoqda.
Festival doirasida o‘tkaziladigan gal konsertlar, moda kunlari, “Talant shou”, “Ovoz” va “X-Factor” tanlovlari, sport musobaqalari, sirk tomoshalari, milliy qadriyatlar va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, turfa taomlar taqdimoti, “Lavanda sayli” va dron-shou vositasida madaniy meros keng targ‘ib qilinadi. Bu esa o‘z navbatida, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
64-Xalqaro “Gullar festivali” mahalliy tadbirkorlar, oziq-ovqat, hunarmandchilik, transport va servis sohalari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bayram kunlarida kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining savdo va xizmat ko‘rsatish aylanmasi o‘rtacha 35–40 foizga oshadi. “Gul iqtisodiyoti” forumi mobaynida chet el investorlari bilan ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlari imzolanadi. Ushbu tadbir gulchilik, ozuqa sanoati, logistika va agroeksport sohalarida yangi loyihalarga poydevor bo‘ladi.

Festival doirasida 100 dan ortiq yirik madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular orasida xalqaro musiqa va raqs festivali, “GulFashion” milliy uslubdagi moda ko‘rgazmasi, “Namangan Voice” yosh ijodkorlar uchun vokal tanlovi, xalqaro kino va musiqa kechalari, xalqaro ilmiy amaliy anjumanlar, nufuzli sport musobaqalari, “3D-mepping” spektakllari, “Gullar avtoparadi” kabi an’anaviy jozibador tadbirlar ham o‘rin olganki, bu turistlarda ulkan taassurotlarni uyg‘otishi shubhasiz.
Festival doirasida shahar infratuzilmasi ham sezilarli darajada yangilanmoqda. 300 ta yangi obodonlashtirish loyihasi, 50 ga yaqin sayyohlik ob’ektlarida ta’mirlash, o‘nga yaqin madaniy meros inshootida restavratsiya ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Axsikent tarixiy majmuasi negizidagi “Ochiq osmon” muzeyi festivalning ilk kunida rasman ochilishi kutilmoqda. Bu loyiha xalqaro turistik yo‘nalishlar xaritasiga kiritilishi rejalashtirilgan.
Xullasi, shu yilning 25 mayidan 29 iyuniga qadar davom etadigan 64-Xalqaro “Gullar festivali”ga 300 mingga yaqin xorijiy va 6,5 millionga yaqin mahalliy sayyohlarning tashrifi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga ko‘payishini anglatadi. Bundan tashqari, festivalga 55 dan ortiq xorijiy davlat vakillari, nufuzli mehmonlar, yuzdan ziyod xalqaro blogerlar va turoperatorlar ham taklif etilgan. Umuman olganda, mingga yaqin gul kompozitsiyasi, dizaynerlik ob’ektlari va installyatsiyalar shaharni gul-galereyasiga aylantiradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri