Bugun, 26 dekabr kuni poytaxtimizdagi Respublika gimnastika markazida tashkil etilgan bayram tadbirida bir qator nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar nomi e’lon qilindi.
Nafis sport turi bo‘yicha xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini ulug‘lashga hissa qo‘shib kelayotgan sportchilar, murabbiylar va mutaxassislar orasidan 2025 yilgi laureatlarni taqdirlash marosimi yosh sportchilar tomonidan tayyorlangan ajoyib ko‘rgazmali chiqish hamda milliy gimnastika maktabiga mustahkam poydevor qo‘ygan sport faxriylarini tabriklash bilan boshlandi.

So‘ngra bayramona ruhda qit’a va jahon chempionatlarida yil davomidagi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatga erishganlarning nomi ma’lum qilindi.
Yosh gimnastikachilarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan mutaxassislar, tibbiyot xodimlari, psixologlar va mutaxassislar, hamkor tashkilotlarga ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbir davomida Taxmina Ikromova “Yilning eng yaxshi sportchisi”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Liliya Vlasova “Eng yaxshi murabbiy”, Ravshan Mirzayev “Yilning eng yaxshi hakami” deb topildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA