Qo‘liga qalam tutgan ijodkor ayol-qizlarning aksariyati adiba, jurnalist, publitsist, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevani o‘ziga ustoz, murabbiy, muallim, deb biladi.
Farzandiga Oydin deb ism qo‘ygan hamyurtlarimiz borki, aksariyati ustoz shoiraning hayot yo‘li, ibratli faoliyati, jonkuyarligi, shirinsuxanligi, ezgulikka xayrixohligiga havas qilib, qizlariga shunday go‘zal ismni qo‘ygan.
Oydin opa milliy adabiyotimizga o‘zlarining betakror ovozi, nafis, g‘oyat go‘zal she’riyati bilan kirib kelgan.
Xalqimizning ardoqli shoirasi Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Xojayi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan.
Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil olgan.
Oydin opaning ilk she’riy kitobi – «Shabnam» nomi bilan 1971 yilda nashr etilgan. Keyinchalik ustoz shoiraning «Manzillar» (1971), «Onam sevgan qo‘shiq» (1972), «Orzu guli» (1974), «Tarovat» (1976), «Dostonlar» (1980), «Mushfiq onajon», «Xushxabar» (1983), «Chashmalarni izlayman» (1986), «Tamal toshi» (1988), «Ishonch yulduzlari» (1989), «Ko‘zimning oqu qorasi» (1996), «Panohim» (1998) kabi asarlari kitobxonlarga taqdim etildi.
Ustoz shoira ko‘p yillar davomida “Gulxan”, “Saodat”, “Gulchehralar” kabi bosma nashrlarda bosh muharrir vazifasida samarali mehnat qildi. Bolalar adabiyotini rivojlantirish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalar, xotin-qizlarga ko‘mak qo‘lini uzatish, maktab ta’limiga oid muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, ayollarning dardu tashvishlarini, qiyinchiliklarini matbuotga olib chiqish, ularning samarali yechim topishiga yordam berish Oydin Hojiyeva faoliyatida ustuvor o‘rin egallagan edi.
Adolatsizliklarga murosasiz bo‘lish, xushmuomalalik, o‘zbekona odob va hayo, andisha, mehnatsevarlik, qiyinchiliklarga tik qarash va ularni mardonavor yengib o‘tish, o‘z kasbiga, xalqiga, Vataniga cheksiz sadoqat, qat’iy tartib va intizom, mehribonlik va mehridaryolik Oydin opaning o‘rnak olishga arzigulik fazilatlaridan edi.
Istiqlol yillarida ustoz shoira Oydin Hojiyevaning milliy adabiyotimizga qo‘shgan xizmatlari yuksak qadrlanib, “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
Ustozning Vatanga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, kamtarlik insoniylik, mehribonlik va saxovatpeshalik kabi fazilatlari bugun ham ibrat maktabidir.
N.Usmonova, O‘zA