Joriy yil 21-25 aprel kunlari Badiiy akademiya va qator vazirlik, tashkilotlar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlangan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida festival oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Badiiy akademiya mutasaddilari tomonidan xalqaro san’at haftaligini o‘tkazish to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid bir qator qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi Bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Badiiy akademiya va qator vazirlik, tashkilotlar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab o‘tkaziladi.
Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali milliy san’atimizning boy merosini targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuv, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, zamonaviy tasviriy va amaliy san’atda kechayotgan dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Festivalda Toshkent shahri, viloyat markazlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, badiiy dastur namoyishlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, oliy va o‘rta, ixtisoslashgan va umumiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari (ko‘rgazmalar, mahorat darslari, liboslar ko‘rigi) namoyishi tashkil etiladi.
Festivalga xalqaro miqyosda qiziqish katta. Badiiy akademiya 2023 yildan boshlab Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan tasviriy san’atda samarali hamkorlik qilib, turkiy olam yaratuvchanligini ko‘rsatuvchi turli ijodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston rassomlarining ko‘rgazmasini o‘tkazish an’anaga aylandi.
Dasturga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida TURKSOY davlatlaridan 21 nafar ayol rassomning “Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” nomli xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
O‘zining san’ati, madaniyati bilan dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turkiy davlatlarning bugungi zamonaviy hayotida ham ayollarning o‘rni yuksak. Bu tasviriy san’atda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayollarimizning matodagi ijodi ularning o‘zligini, iqtidorini, yaratuvchanlik salohiyatini, zaminni yelkasida tutib turishdek qudratini namoyish etayapti.
“Turk dunyosining ayol rassomlari” ko‘rgazmasi aytish joizki, zamonaviy san’at va madaniyatimiz hayotida muhim voqelik bo‘ldi. Bu loyiha turkiy ayol rassomlarning ijod orqali dunyoga o‘z aytar so‘zi, fikri borligini anglatadi.
Rossiya rassomlari ko‘rgazmasi, mahorat saboqlari, Turkiya rassomlari ko‘rgazmalari o‘rin olgan.
Festival dasturiga ikkita ilmiy-amaliy konferensiya ham kiritilgan. Viloyatlarga O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo akademiklar, rassomlar, ustalar safarbar etiladi, ular mahorat darslari o‘tishadi.
Doimgidek, bu yil ham “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, taqdirlanadi, ishtirokchilar ko‘rgazmasi taqdim etiladi.
Xorijiy ishtirokchilarni yurtimiz madaniy merosi, tarixiy osori-atiqalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand shahriga bir kunlik sayohat uyushtiriladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri