Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
50 nafar tadbirkor Yevropa Ittifoqi davlatlarida malaka oshiradi
12:34 / 2017-11-22

Namanganda “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturi – O‘zbekiston kichik biznes korxonalari rahbarlari va xususiy tadbirkorlar salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida tayyorlov treningi o‘tkazildi.

Namanganda “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturi – O‘zbekiston kichik biznes korxonalari rahbarlari va xususiy tadbirkorlar salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida tayyorlov treningi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasida tashkil etilgan tadbirda Namangan va Andijon viloyatlaridan tadbirkorlar qatnashdi.

– “Boshqaruv kadrlarni tayyorlash” dasturi kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari vakillarining salohiyatini oshirish orqali O‘zbekiston Respublikasida inson kapitalini mustahkamlash, xususiy sektor faoliyati unumdorligini oshirish, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, – deydi loyiha ekspert-maslahatchisi F.Jabborov. – Ushbu trening Yevropa Ittifoqi davlatlarida malaka oshirishda ishtirok etuvchi tadbirkorlarning xalqaro biznes tamoyillari borasidagi huquqiy va iqtisodiy bilimini oshirish, ya’ni ularni xorijiy hamkorlik munosabatlariga tayyorlash bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichida YeIda malaka oshirish uchun mamlakat miqyosida o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etgan 300 dan ziyod tadbirkor orasidan 50 nafari xorijda tajriba o‘rganib kelish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Ulardan 13 nafari namanganlik tadbirkorlardir.

Ikki kun davom etgan tadbirda ishtirokchilar bilan samarali biznes muloqot usullari, malaka oshirish davrida vaqtni boshqarish, xorijiy hamkorlar bilan muzokara olib borish texnologiyalari, o‘z korxonasi taqdimotini tayyorlashga bo‘lgan talablar, biznes hamkor izlash va u bilan biznes munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ishbilarmonlik tarmoqlarini tuzish mavzularida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Interfaol usulda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda tadbirkorlar qizg‘in savol-javoblar asosida kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatni ta’minlashga xizmat qiladigan foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

– Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan bugungi kunda ishbilarmonning o‘zi ham davr talabi darajasida puxta bilim va malakaga ega bo‘lmasa, ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi, – deydi Uychi tumanidagi “Tanho RTS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari R.Abdullayev. – Shu ma’noda, ushbu tadbir juda muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, biz, tadbirkorlar o‘z faoliyatimiz doirasini kengaytirib borishdan manfaatdormiz. Pirovardida tadbirkorning yutug‘idan nafaqat o‘zi, balki butun jamiyat naf ko‘radi.