Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nabotot va hayvonot olamini asrash burchimiz
12:26 / 2024-03-06

Mamlakatimiz hayvonot va nabotot olami nihoyatda boy. Bioxilma-xillikni asrash, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob hayvonlar va qushlar hamda o‘simlik turlarini muhofaza qilish hayotiy zaruratdir.

Namanganda Ekologiya, ovchilik jamiyatlari mutasaddilari ekofaol yoshlar ishtirokida yovvoyi hayvonlarni asrash va muhofaza qilishga qaratilgan biotexnik tadbirlar tashkil etdi.  Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufida bo‘lgan muhofaza etiladigan majmualarda ilmiy-tadqiqotlar monitoring tarzida olib borilib, ular amaliy ahamiyatga ega. Tadqiqotlar natijasida o‘simlik va hayvonot dunyosida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar kuzatilib, kelajakda bu ekotizimlarda yuz berish ehtimoli bor ijobiy o‘zgarishlar o‘rganiladi.  

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tashkil etilishi mintaqadagi tabiiy majmualarning qayta tiklanishiga hamda ekologik xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarning, ya’ni cho‘llanishning ortib borishi, havoning qum va chang zarralari bilan ifloslanishi, iqlimning keskin o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi salbiy omillarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.  

–Havoning sovishi tufayli yovvoyi hayvonlarning ozuqa izlab topishi birmuncha qiyinlashadi, ular ojiz bo‘lib qoladi va “brakonerlar”ning oson o‘ljasiga aylanadi. Shunga asosan Ovchilar uyushmasi bilan hamkorlikda biotexnik tadbirlar o‘tkazmoqdamiz, – deydi Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mas’ul xodimi Ikromjon Orifjonov. – Chust tumanidagi G‘ova, Olmos qishloqlari hududidagi tog‘li joylarda yovvoyi qushlar va hayvon turlarini muhofaza qilish, noqulay ob-havo sharoitida ularni betalafot asrab qolish maqsadida biotexnik tadbirlar o‘tkazilib, ular uchun makka yormasi, bug‘doy, kepak kabi ozuqalar sepildi.  

Hayvonlar va qushlarni muhofaza qilish maqsadida uyushtirilgan bunday xayrli tadbirlar viloyatning boshqa tumanlari va olis hududlarida ham tashkil etilmoqda.  

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri