Bugun – 24 noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishning huquqiy mexanizmi yaratib berilmoqdaki, bularning barchasi pirovardida ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligining ortishiga xizmat qilmoqda.
2017 yilda ushbu yo‘nalish Madaniyat va sport ishlari vazirligidan ajratilib, Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tashkil etildi.
Keyinroq, 2018 yilning 5 martida Prezident farmoni bilan qo‘mita Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga aylantirildi.
Shu davr mobaynida, ya’ni Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tashkil topgandan buyon mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini ommalashtirish sport infratuzilmasini mustahkamlash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, qolaversa Olimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan jami 14 ta Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 30 dan ortiq qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
2019 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon ijrosi doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida «Mahallada futbol», «Futbolimiz kelajagi», «Charm-to‘p» futbol musobaqalarini muntazam o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, hududlar kesimida korxona va tashkilotlar, davlat muassasalari xodimlari o‘rtasida futbol bo‘yicha «Bosh vazir kubogi», «Hokim kubogi», «Rahbar kubogi» kabi tizim musobaqalari keng qamrovda va muntazam tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Bolalar-o‘smirlar sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida «Sport shifokori», «Sport psixologi», «Sport farmakologi», «Sport diyetologi», «Sport seleksioneri», «Futbol tahlilchisi», «Sport huquqshunosi», «Texnik direktor» va «Futbol hakami» kabi zamonaviy kasblarni qonunchilik doirasida belgilovchi va faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, 2020 yil 24 yanvarda «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi.
Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida ham izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2020 yil 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzolandi.
Unda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan juda ham muhim jihatlar o‘z aksini topgan. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, ularning oila a’zolarining ham jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash, ular o‘rtasida musobaqalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi.
Sport targ‘iboti doirasida 2021 yilning 1 martiga qadar aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi yaratiladi. Platformada ro‘yxatdan o‘tganlar O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan, har oyda har bir tuman(shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi.
2021 yilda 50 ta sport zali, 48 ta sport inshooti qurilib foydalanishga topshiriladi, deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabarida.
Davlat organlari va tashkilotlarining ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab, vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash bo‘yicha baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi borasida quyidagi ishlar rejalashtirilgan:
– aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish hamda O‘zbekistonda kurashni umumxalq sport turiga aylantirish;
– kurashni ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va Xalqaro Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish;
– kurash bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish;
– Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish;
– o‘zbek kurashi brendini yaratish, investitsiyalarni jalb etgan holda yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlarini ishlab chiqarish, kurashni tijoratlashtirish choralarini ko‘riladi.
– har yili davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha «O‘zbek polvoni» respublika musobaqasi o‘tkaziladi.
– kurashning yangi turlarini (xotin-qizlar kurashi, sohil kurashi, jangovar kurash va boshqalar) tashkil etish, ularni ommalashtirish choralarini ko‘rish, ushbu turlar bo‘yicha trenerlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga asosan kurashni yanada ommalashtirish va tizimli rivojlantirish, Yevropa, Afrika va Panamerika qit’aviy o‘yinlari qatoriga rasman kiritish va xalqaro «GAISF — Global Association of International Sports Federations» tashkilotining e’tirofiga sazovor bo‘lish, 2028 yilgacha Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish maqsadida Kurash milliy sport turini 2025 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish Konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Konsepsiya O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda kurashni tizimli rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda kurashni rivojlantirish dasturlari va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda ushbu sohada to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish orqali kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, barcha aholi qatlami, ayniqsa yoshlarning sog‘lom turmush tarziga intilishlarini ta’minlash, ularni mardlik, sadoqat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, milliy xalq o‘yinlaridan jahon sport turiga aylangan kurashga nisbatan g‘urur, iftixor va faxrlanish hissini uyg‘otish konsepsiyaning asl mohiyatini belgilaydi.
Har ikki yilda o‘tkaziladigan «Jahon kurash o‘yinlari» («World Kurash games») yo‘lga qo‘yilib, xalqaro musobaqa muntazam o‘tkazilishi ta’minlanadi;
– ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnirlar o‘tkaziladi;
– kurashni YUNESKOning etnosport milliy o‘yinlari nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish;
– 2023 yilda Islom hamda Afrika o‘yinlari, 2024 yilda Yevropa o‘yinlari va 2025 yilda Panamerika o‘yinlari sport musobaqalari dasturiga kurash sportini kiritish;
– Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va uning a’zolari bilan hamkorlik kuchaytiriladi;
– olimpiya mezonlari asosida, xalqaro maydonda bolalar, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida kurash sportini ommaviylashtirishga qaratilgan sport musobaqalari tashkil etiladi.