Germaniyaning Myunxen shahri aeroporti bir necha dron kuzatilgach, parvozlarni to‘xtatdi, dedi politsiya vakili juma kuni ertalab AFP muxbiriga.
Rasmiylar bayonotida aytilishicha, payshanba kuni kechqurun Myunxendan uchadigan 17 reys bekor qilingani 3000 ga yaqin yo‘lovchiga ta’sir qilgan. Shuningdek, 15 reys boshqa shaharlar, jumladan Shtutgart, Nyurnberg, Vena va Frankfurtga yo‘naltirilgan.
Jabrlangan yo‘lovchilarga yig‘ma so‘ri, ko‘rpa-to‘shak, ichimlik va yengil yegulik taklif qilingan.
Samolyotlar harakati qachon tiklanishiga aniqlik kiritilmagan.
- Bir necha kishi payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:30 atrofida aeroport uzra uchayotgan dronlarni payqab qolgan va bir soatdan keyin ikkala uchish-qo‘nish yo‘lagi bir soatga yopilgan, - dedi politsiya vakili.
Mutaxassislar hodisa sababini aniqlash uchun qidiruv ishlarini boshladi.
Politsiya vertolyotlari jalb qilindi, biroq hozircha “dronlar turi va soni haqida hech qanday ma’lumot yo‘q”, dedi mas’ul idora matbuot kotibi.
Hodisa har kuni Myunxenga yuz minglab odamni jalb qiladigan Germaniyadagi "Oktoberfest" anjumani so‘nggi dam olish kunlaridan oldin sodir bo‘ldi.
Ma’lumki, Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat payshanba kuni Kopengagenda yig‘ilib, “dron devori” yaratish orqali tuzilma mudofaasini kuchaytirish mavzusini muhokama qildi.
Nemis rasmiylari o‘tgan hafta mamlakat bo‘ylab, jumladan harbiy va sanoat ob’ektlari ustidan uchuvchisiz uchoqlar to‘dasi o‘tganini da’vo qilib, dron tahdidi kuchayishidan ogohlantirgan edi.
Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ta’kidlashicha, GFR "bu gibrid tahdidga yangi javob topishi, jumladan o‘zi uchar qurilmalarni urib tushirishi kerak".
M.Pirmatova, O‘zA