Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, inson resurslarini boshqarish sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida bir qator elektron platformalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova shu haqda ma’lumot berdi:
– Prezidentimizning “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan “MyDX: Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Ushbu mobil ilova davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni kuchaytirishga qaratilgan.
Ilova qulay va zamonaviy interfeysga ega bo‘lib, davlat xizmatchisi uchun barcha zarur ma’lumotlarni bir tugma orqali olish imkoniyati yaratilgan.
Ilovadan foydalanish uchun One ID tizimidan ro‘yxatdan o‘tish lozim. Ilova orqali davlat xizmatchilari: o‘zaro tezkor aloqa o‘rnatishi; o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini boshqarishi; tashkilotini rivojlantirish borasidagi tashabbuslarni ilgari surishi; shaxsiy rivojlanish rejasini tuzishi va monitoring qilishi; vakansiyalarga onlayn hujjat topshirishi, lavozimda o‘sish imkoniyatini sinovdan o‘tkazishi; malaka oshirish kurslarida o‘qib, sertifikatga ega bo‘lishi va elektron kutubxonalardan foydalanishi mumkin.
Ushbu innovatsion platforma raqamli hukumat tizimining idoralararo portali va Boshqaruv samaradorligi agentligining my.bsa.uz, hrm.bsa.uz, edu.bsa.uz kabi tizimlari bilan integratsiya qilingan va davlat xizmatini raqamli transformatsiya qilish jarayonida doimiy takomillashtirilib boriladi.
Ilovani Google Play hamda AppStore’dan yuklab olish va bepul foydalanish mumkin.
Agentlik faoliyatiga oid yangiliklar bilan rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali tanishib borish mumkin.
Shuningdek, sohaga oid fikr-mulohazalar, Agentlik faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalar haqida telegramdagi @aloqa_bsa_bot orqali xabar yuborish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA