Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Myanmada davlat to‘ntarishi yuz berdi
11:42 / 2021-02-01

Myanma qurolli kuchlari mamlakatda davlat to‘ntarishini amalga oshirdi.

Sinxua agentligining Myanma armiyasiga qarashli telekanal tarqatgan xabarga tayanib yozishicha, harbiylar davlat rahbarlarini hibsga olgan, mamlakatda bir yillik muddat bilan favqulodda holat e’lon qilingan.

Reyter tarqatgan xabarda aytilishicha, harbiylarning mamlakat rahbariyatini hibsga olishi yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari qalbakilashtirilganiga qarshi javob tariqasida amalga oshirilgan.

Bundan avvalroq hukumatni boshqarayotgan “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi vakili Mio Nyunt ommaviy axborot vositalariga Myanma yetakchisi, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji, shuningdek mamlakat prezidenti Vin Min noma’lum shaxslar tomonidan hibsga olingani haqda ma’lum qilgan edi.  

Nyuntning ta’kidlashicha, ular bilan birga, partiyaning hududlardagi vakillari hamda mahalliy mulozimlar ham hibsga olingan. Harbiylar Yangon shahri meri binosini ham o‘rab olgani haqida aytilmoqda.

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiylar Mint Shveni mamlakatning vaqtinchalik prezidenti etib tayinlangan, davlat boshqaruvi esa to‘laligicha qurolli kuchlar qo‘mondoni katta general Min Aung Xlayniga o‘tgan.  

Ayni paytda xalqaro hamjamiyat Myanmada yuz berayotgan voqealarni tashvish bilan qarshi oldi.  

To‘ntarish amalga oshirilgandan ko‘p o‘tmay AQSH rahbariyati Myanmada yuzaga kelgan vaziyatdan xavotirda ekanini ma’lum qildi.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining bayonot berishicha, Vashington Birma yetakchilarini kimlar hibsga olgan bo‘lsa oqibati yomon bo‘lishini eslatib, zudlik bilan ularni ozod etishga chaqirgan.

"AQSH Birma mamlakatida hokimiyat demokratik yo‘l bilan topshirilishiga to‘sqinlik qilgan harbiylar harakatidan, qolaversa, davlat maslahatchisi, amalda hukumat rahbari Aun San Su Chji va boshqa rasmiy shaxslarning hibsga olinishidan qattiq xavotirda", - dedi Psaki Myanmaning avvalgi nomini ishlatgan holda.

Psakining xabar berishicha, ushbu vaziyat yuzasidan AQSH prezidenti Bayden xabardor qilingan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh ham Myanmada yuz brayotgan voqealarni qoraladi.

Bosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning ma’lum qilishicha, bosh kotib Myanmaning yangi parlamenti sessiyasi ochilishi arafasida davlat maslahatchisi Aun San Su Chji, mamlakat prezidenti Vin Min va boshqa siyosiy yetakchilarning hibsga olinishini keskin qoralagan.  

Uning aytishicha, bosh kotib harbiy rahbariyatni Myanma xalqining hohishini hurmat qilishga va demokratik normalarga amal qilishga, shuningdek har qanday bahsli masalalarni faqat tinch muloqotlar yo‘li bilan hal qilishga chaqirgan.

Dyujarrikning ta’kidlashicha, Guterresh qonunchilik, ijro va sud hokimiyati harbiylar qo‘liga o‘tgani haqidagi xabardan jiddiy tashvish bildirgan. Ushbu voqealar mamlakatda demokratik islohotlarga qarshi qattiq zarba bo‘ldi, deyiladi bayonotda.

Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjining maslaatchisi, avstraliyalik olim Shon Ternellning ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakat poytaxtida internet aloqasida uzilishlar kuzatilmoqda.

Mamlakatda internet aloqasining o‘zilib qolayotgani haqdagi xabarni tarmoqlar faoliyatini tahlil qiluvchi Netblocks nohukumat tashkiloti ham tasdiqladi. Tashkilot vakillarining ma’lum qilishicha, internetdagi uzilishlar mahalliy vaqt bilan soat tungi uchlarda boshlangan.

Xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘tgan juma kuni Myanma harbiylar davlat to‘ntarishini amalga oshirishi ehtimoli mavjudligi haqidagi xabarni tarqatgan edi. Bunga ular qurolli kuchlar rahbariyati bilan hukumat o‘rtasida 8 noyabrda mamlakatda bo‘lib o‘tgan saylovning qonuniyligi masalasida bir to‘xtamga kelmayotganini sabab sifatida ko‘rsatgan edi.

Saidmurod RAHIMOV,O‘zA