Yorqin sahifalarida Samarqandning tarixiy merosi, zamonaviy yutuqlari va xalqaro nufuzining yangi bosqichini keng yoritib, o‘quvchilar e’tiborini qozonib borayotgan ingliz tilidagi “My Samarkand” jurnali debocha sonida shahar hayotining madaniy, ilmiy, siyosiy va iqtisodiy jihatlarini chuqur yoritgan. Shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar, madaniy merosning tiklanishi hamda yoshlar tashabbuslari yangicha ruh va yondashuv asnosida ochib berilgan edi.
Mazkur nufuzli jurnalning 2025 yilgi ikkinchi soni ham chop etildi. Bu galgi solnoma ko‘hna Samarqandning jahon siyosati, diplomatiyasi, ilm-fani va madaniyatidagi alohida nufuzini yorituvchi muhim voqealar, tarixiy uchrashuvlar va xalqaro e’tiroflar bilan boyitilgan.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti: kelajakka qaratilgan tarixiy qadam
Jurnalning asosiy sahifalarida 2025 yil 4 aprel kuni Samarqandda ilk bor o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitining yorqin lahzalari aks etgan. “Kelajakka investitsiya” shiori ostida o‘tgan mazkur tarixiy anjuman mintaqa davlatlari va YeI o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Sammit doirasida iqtisodiy hamkorlik, yashil energetika, transport yo‘laklarini rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va investitsiya loyihalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani tafsiloti jurnal sahifalaridan o‘rin olgan.
Davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va strategik muloqot
Prezident Shavkat Mirziyoyevning qator davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari – Samarqand mezbonligida kechgan muzokaralar mamlakatimizning mintaqaviy barqarorlik va integratsiyaga qo‘shayotgan beqiyos hissasini ko‘rsatadi. Davlakatimizning ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Samarqand va Yevropa: yangi ko‘priklar
2025 yil may oyida Italiya Bosh vazirining Samarqandga tashrifini ifodalagan alohida sahifalar: Shahar markazida “Rim ko‘chasi” tantanali ravishda ochilishi davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalar mustahkamlanayotganidan dalolat.
O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stligi: o‘zaro e’tirof va hurmat
Ikki qardosh davlat hamkorligi yuqori darajada ekani, o‘zaro ishonch yangi bosqichga ko‘tarilgani aks etgan sahifalar O‘zbekiston va Turkmaniston do‘stligi mustahkam ildizlarga egaligining in’ikosidir.
Erkin fikr – yangi avlodning kuchi
Bo‘limlardan biri “Erkin fikrlash” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuvlardan lavhalar, o‘tgan davr saboqlari hamda Yangi O‘zbekiston o‘g‘il-qizlari uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘rsatilgan. Qolaversa, majburiy mehnat butkul tugatilgani, yoshlar siyosatida yangi davr boshlangani, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning sezilarli yuksalishi, yoshlarimizning jahon oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlari qayd etilgan.
Ilm-fan: xalqaro mukofotlar, faxriy unvonlar
Jurnaldan xalqaro ilmiy doiralar vakillari bildirgan fikrlar ham joy olgan. Xususan, xalqaro mukofotlar orqali yurtimizga berilayotgan yuqori baho, Samarqand davlat universitetining xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi dadil qadamlari, tarix, san’at, ilmiy meros bo‘yicha izlanishlar yoritilgan.
Shuningdek, zaminimizning faxriy fuqarolari haqidagi sahifalar ham ushbu sonni boyitgan. Bu e’tirof Samarqandning ilm, madaniyat va diplomatiya markazi sifatidagi o‘rnini dunyoga yana bir bor ko‘z-ko‘z etadi.
Umuman, “My Samarkand” jurnalining ikkinchi soni – Samarqandning global maydonda tobora oshib borayotgan nufuzi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi faolligi, yosh avlodga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namoyonidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA