Surxondaryo viloyatining Muzrabot va Jarqo‘rg‘on tumanlarida boshoqli don o‘rim-yig‘imi boshlandi. Mavsumning dastlabki kunida Muzrabot tumanidagi “Asliddin Alimov” fermer xo‘jaligi don topshirish yillik rejasini mamlakatimizda birinchi bo‘lib, ortig‘i bilan bajardi.
Joriy yil hosili uchun 40 gektar maydonda g‘alla parvarishlagan tajribali fermer o‘rim-yig‘imning ilk kunida har gektar maydondan 63 sentnerdan hosil olib, qabul qilish shoxobchasiga 112 tonna sara don topshirdi.

Muzrabotlik g‘allakorlar 10 ming 700 gektar maydonda kuzgi boshoqli don parvarishlab, salmoqli hosil to‘pladi. Donni isrof qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib olish uchun 13 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etildi. Mavsumga 30 ta yuqori unumli o‘rim kombayni va 150 dan ortiq don tashish texnikasi jalb qilingan. O‘rib, yig‘ib olinayotgan hosil peshma-pesh Muzrabot don qabul qilish shoxobchasiga yetkazilmoqda.

Bu yil viloyat dehqonlari 89 ming 325 gektar maydonda erta pishar va serhosil g‘alla navlarini parvarishlab, 685 ming tonnadan ortiq sara don yig‘ib oladi. Pishib, yetilgan hosilni nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish uchun vohada 141 ta o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etilib, 283 ta zamonaviy kombayn biriktirilgan.
Viloyatning g‘alla hosili pishib yetilgan boshqa hududlarida ham o‘rim-yig‘im uyushqoqlik bilan boshlanayotir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri