O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori Amir Temur bobomiz va temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni va ahamiyatini o‘rganishda yangi istiqbollarni ochishi shubhasiz.
Ushbu hujjatning 7-bandiga ko‘ra dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Shu munosabat bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangi ekspozitsiyasini yaratish bo‘yicha temurshunos olimlar ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yuqorida nomi keltirilgan qarorda buyuk sarkarda va davlat arbobining tarixiy o‘rnini ulug‘lash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xalqaro anjumanlar o‘tkazish, shuningdek, Amir Temur haqidagi asarlarni nashr etish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, qarorning asosiy yo‘nalishlariga ko‘ra, Amir Temurning davlatchilik, bunyodkorlik va ilm-fan rivojidagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy konferensiyalar tashkil etiladi. Sohibqiron hayoti va faoliyatiga oid hujjatli filmlar, teatrlashtirilgan tomoshalar va badiiy asarlar yaratiladi. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy seminarlar o‘tkaziladi. Amir Temur bilan bog‘liq yodgorliklar va qadamjolar obodonlashtiriladi. Ushbu qaror yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda milliy tarixni o‘rganishga xizmat qiladi.

Yig‘ilish davomida muzeyning amaldagi ekspozitsiyasi tahlil qilinib, uni zamon talablari asosida takomillashtirish, ilmiy jihatdan yanada boyitish va interaktiv vositalar bilan to‘ldirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Amir Temur va Temuriylar sulolasi tarixi bilan bog‘liq noyob eksponatlarni joylashtirish konsepsiyasi, tarixiy manbalar va qo‘lyozmalardan foydalanish, multimedia va raqamli texnologiyalarni joriy etish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida yangi ekspozitsiya konsepsiyasini ishlab chiqish, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ushbu loyiha muzey faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, Temuriylar merosini keng jamoatchilikka zamonaviy va ta’sirchan shaklda taqdim etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri