Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzeyning yangi ashyolari
18:41 / 2022-12-13

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik muzeyida “Milliy merosga mening hissam” aksiyasi doirasida xarid qilingan ashyolar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 mayda qabul qilingan “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmadan aholidan xarid qilingan va shu paytgacha hech qayerda namoyish etilmagan noyob ashyolar o‘rin olgan.

[gallery-9949]

– Qarorda davlat muzeylariga “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish va ularning ko‘rgazmasini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. – Mazkur qarorga binoan bu yil xalq deputatlari viloyat kengashining qarori bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. 

Biz viloyat va respublika bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etdik va muzeylarimiz uchun ushbu mablag‘ga 600 ga yaqin noyob ashyolar sotib oldik. Ko‘rgazmada ana shu yangi eksponatlarning bir qismini namoyish etyapmiz. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan Payariq tumani hududidan topilgan miloddan avvalgi II-I asrlarga oid saklarning bronza qozoni, O‘zbekiston bo‘ylab yig‘ilgan miloddan avvalgi II, milodiy XIV asrlarga oid bronza oynalar kolleksiyasi, Ishtixon tumanidan topilgan XI asrga oid, Qoraxoniylar davlati kumush tangalari, Buxoro shahridan keltirilgan XIV asrning boshlariga oid Chig‘atoy xonlarining tangalari eng noyob ashyolar hisoblanadi. Shuningdek, rassomlar tomonidan ishlangan rang-tasvir asarlari, qo‘lda to‘qilgan ipak gilamlar jamlanmasi, XX asrda urf bo‘lgan va hozirda yo‘qolib borayotgan fotoapparatlar tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA