Madaniy meros agentligiga muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Agentlik tomonidan Milliy muzey fondining elektron katalogi tizimi yaratilib, unga 46 davlat muzeyi biriktirilgan. Muzeylarning 1,2 millionga yaqin ashyosi ushbu katalogga kiritilgan.
Hukumat qarori bilan haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) davlat muzeylariga bepul kiritilishi belgilangan.
“Moziyga sayohat” dasturi doirasida 800 mingdan ortiq aholining muzeylarga qo‘shimcha tashrifi tashkil etilgan. Shundan 82 ming nafari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslardir. 113 ming nafari davlat tashkilotlari va muassasalari xodimlari, 605 nafari o‘quvchi va talaba yoshlardan iborat bo‘lgan.
“Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 3,4 mingta ashyo va buyumlar aholi tomonidan muzeylarga beg‘araz topshirilgan. Shuningdek, Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2022 yilda 23 ta (307 mln), 2023 yil 1 iyunga qadar 106 ta (2,4 mlrd) ashyo xarid qilingan.
Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura tomonidan tasdiqlangan qo‘shma manzilli rejaga asosan respublikada mavjud davlat muzeylarida xatlov ishlari olib borilmoqda.
Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan muzeylar sohasidagi ayrim muammo va kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Jumladan, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni yuzdan ortiqni tashkil etayotgani, sohani tartibga soluvchi yaxlit qonun qabul qilish hamda unda vakolatli organni aniq belgilash lozimligi qayd etildi.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida 2022 yilda tashkil etilishi belgilangan Restavratsiya laboratoriyalari faoliyati hali yo‘lga qo‘yilmagan.
Muzeylar binolari ta’mirtalab holatda, ayrimlarida isitish va sovitish tizimi ishlamaydi. Moddiy texnik bazasi eskirgan. Innovatsion texnologiyalar joriy etilmagan. Muzeylar ekspozitsiyasi, texnik jihozlari muzey talablari va standartlariga mos kelmaydi.
Muzey fondini saqlash holati harorat va namlik darajasiga hamda xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Eksponatlar ko‘rgazmasi uchun joy yo‘qligi sababli ko‘plab noyob ashyolar omborxonalarda qolib ketmoqda.
Muzeylarda oylik maoshlarining pastligi kadrlar qo‘nimsizligiga sabab bo‘lmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyiga 2021 yildan buyon Toshkent shahrining Adiblar xiyoboni – “Ma’naviyat” shaharchasida yangi bino qurilishi ta’kidlab kelinmoqda. Biroq, haligacha mazkur masala o‘z yechimini topmagan. Muzeyni ta’mirlashni nazarda tutuvchi Prezident hamda Hukumat qarorlari ijrosi ta’minlanmagan. Muzey binosida sharoit yo‘qligi sababli unda saqlanayotgan 69 ming 575 ta noyob ashyo xavf ostida qolmoqda.
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida muzey xodimlari uchun xona mavjud emas. Xodimlar ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan xonada faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, muzey fondidagi eksponatlar uchun ham joy yetishmaydi.
Davlat uy muzeylarida ham hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjud. Xususan, Tamara xonim uy-muzeyi kapital ta’mirga muhtoj, tomdan suv oqadi, pollar yaroqsiz holatda, elektr bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Muzeylarda chiptalar sotishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, kirishda elektron hisobga olish tizimiga ega turniketlar o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Muzeylar sohasidagi qonunbuzilishi, kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlar tahlil qilinmagan. Milliy muzey fondining Davlat katalogi bosma shakli chop etilmagan.
Muzeylar fondiga aholidan badiiy qimmatga ega ashyolarni sotib olish uchun ajratilishi zarur bo‘lgan mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmagan. Xususan, bu holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuzatilgan.
Majlisda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA