Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzeylar ishiga zamonaviy yondashuv
16:42 / 2020-01-21

Milliy madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, muzeylar fondini boyitish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, elektron katalog tizimini yaratish yo‘lida muhim ishlar qilinmoqda.


Milliy madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, muzeylar fondini boyitish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, elektron katalog tizimini yaratish yo‘lida muhim ishlar qilinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bu yo‘nalishda bir qator ishlarni tizimli amalga oshirmoqda. Jumladan, jamg‘arma tomonidan mamlakatimizning to‘rtta – O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, Oybek uy-muzeyi va Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida sinov tariqasida elektron katalog tizimi joriy qilindi.

Tizim ikki bosqichda joriy etiladi. Birinchi bosqich faqat muzey xodimlari uchun mo‘ljallangan ichki elektron katalog tizimidir. Ushbu elektron katalog muzeyning ichki hisobotlarini boshqarishga va maxsus dastur orqali muzey eksponatlari bo‘yicha hujjatlar tuzishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy muzey fondining elektron katalog tizimini joriy etish Museum Plus dasturiy ta’minoti yordamida amalga oshiriladi. Ushbu dasturni 1998 yil Bern shahrida faoliyat boshlagan "Zetcom" kompaniyasi (Shveysariya) mutaxassislari ishlab chiqqan. Ushbu kompaniya Berlin, Parij va Barselona shaharlarida o‘z filiallariga ega, Singapur va Afinada hamkorlik ofislari bor. Museum Plus platformasidan Luvr muzeyi, Nyu-York shahri muzeyi, Shimoliy-g‘arbiy madaniyat va san’at muzeyi kabi ko‘plab mashhur muzeylar ham keng foydalanadi.

Mutaxassislarga mazkur dasturdan foydalanishni o‘rgatish maqsadida "Zetcom" kompaniyasi xodimlari treninglar o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga Museum Plus platformasi bilan ishlash o‘rgatildi. Shuningdek, mazkur dasturning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi. Tayyorgarlik tadbirlari yakunida yuqorida nomi tilga olingan muzeylar xodimlari elektron katalog tizimini yaratish bo‘yicha ishlar olib bordi. Hozirda Museum Plus tizimidan foydalanish ishlari boshlab yuborilgan.

Ikkinchi bosqichda tashqi virtual galereya – muzeylarning kataloglari joylashgan saytni yaratish rejalashtirilgan. Mazkur sayt barcha internet foydalanuvchilari uchun ochiq bo‘lib, unda eksponatlarni yuqori sifatda tomosha qilish, shuningdek, har bir muzeyning asosiy ekspozitsiyasidagi eksponatlarning ta’rifi va tarixi bilan tanishish imkoni bo‘ladi.