O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi hamda tegishli vazirlik, idoralar mas’ul xodimlari, davlat muzeylari direktorlari ishtirokida ochiq hay’at majlisi tashkil etildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikadagi 64 ta davlat va nodavlat muzeylarida 2,5 million donadan ortiq eksponat saqlanadi. Muzeylarda saqlanayotgan har bir ashyo va kolleksiyalar tarixiy, madaniy, badiiy, estetik va boshqa xususiyatlariga ko‘ra bebaho hisoblanib, ularni saqlab turish xarajatlari uchun har yili 70 milliard so‘m mablag‘ Davlat byudjetidan va 25 milliard so‘m muassasalarning o‘z mablag‘laridan sarflanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi "Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining 15-bandiga ko‘ra Madaniy merosni asrash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Yig‘ilishda ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli hisobot va topshiriqlar berildi.
Xususan, muzeylardagi muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda turli davlat muzeylarida yo‘l qo‘yilgan turli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi mansabdor shaxslari muzeyning noyob ashyolar ro‘yxatiga kiritilgan jami 31,5 milliard so‘mlik 81 ta ashyolarni qalbakisiga almashtirib qo‘ygani misol tarzida keltirildi va barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ta’kidlandi.
O‘zA