Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsi osori-atiqalar muzeyiga mahalliy aholi tomonidan o‘ttizga yaqin nodir kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Muzey rahbari, faqih olim, arab tilini mukammal biluvchi mutaxassis Bilolxon Rustamov tomonidan kitoblar qisman tadqiq qilinganda ular orasida 1200 yil avval bitilgan Kalom ilmi – aqoid, kalom falsafasiga oid noyob kitob borligi aniqlandi.
–Zeru zabarsiz yozilgan ushbu kitob bizga Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mushafini eslatadi, - deydi Bilolxon Rustamov.
– Bu uslubda faqat VII-VIII asrlarda kitob bitilgan. Undan so‘ng zeru zabar bilan yozilgan. Bu omil bizga kitobning qadimiyligidan dalolat berib turibdi.
Qo‘lyozma Markaziy Osiyodagi eng nodir topilma sifatida baholanmoqda.
[gallery-9041]
Yangi qabul qilingan kitoblar orasida XVII-XIX asrlarga oid tariqat odoblari haqida «Tanbehoti darveshiya», «Qissai Ibrohim Adham», «Qissai Imomi Xasan Imomi Xusan», fiqh, yashash odoblari haqida «Saloti Mas’udiy», tarixga oid katta bosma kitob, «Chor kitob», Payg‘ambarimiz siyratlari haqidagi «Siyari Sharif»kitobi (turkiy sharhi bilan), Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» asari (noyob suratlari bilan), Fuzuliyning Sankt-Peterburg nazorati ostida 1891 yilda Toshkentda Laxtin litografiyasida bosilgan «Layli va Majnun» kitobi, So‘fi Olloyorning 10 ming baytdan iborat «Maslakul muttaqiyn» (Taqvodorlarning yo‘llari) hamda «Mavoridul Kalim» kitoblari mavjud.
Ushbu kitoblar tez orada manbashunos olimlar tomonidan tadqiq etiladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA