Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi hamkorligida Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” ayollar internat uyida yashovchi fuqarolar uchun navbatdagi madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Ushbu tashabbus doirasida internat fuqarolari Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga sayohat qildilar.
Tashrif chog‘ida ishtirokchilar muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilgan tarixiy yodgorliklar, milliy qadriyatlarni ifodalovchi artefaktlar, xalq amaliy san’ati namunalari, qadimiy qo‘lyozmalar hamda arxeologik topilmalar bilan yaqindan tanishdilar. Muzey xodimlari ularga viloyatning ko‘hna tarixi, madaniy merosi, turli davrlarga oid artefaktlar va muzeyda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

– Madaniy-ma’rifiy safar ishtirokchilar uchun nafaqat bilim, balki yangi taassurotlar manbai bo‘ldi, – deydi muzeyning ilmiy xodimi Anorboy Norqulov. – Ayollar interaktiv ko‘rgazmalar orqali tarixiy jarayonlarning bir qismiga aylanganday his qilishdi. Keng qamrovli ma’lumotlar esa ularning madaniyat va tarixga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ushbu sayohat internat uyida yashovchi ayollarning dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligini oshirish va ularda ma’naviy ko‘tarinkilikni mustahkamlashga qaratilgan kompleks dasturning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri