Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida buyuk mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Navoiy va uning asarlari rassomlar talqinida” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasviriy san’at fondida saqlanayotgan 20 dan ortiq rangtasvir asarlari namoyish etilayotgan ko‘rgazmadan V.Boxan, N.Prashenok, Yu.Usakovskiy kabi mashhur rassomlar bilan birga yosh ijodkorlar tomonidan ishlangan Alisher Navoiy portretlari, alloma tomonidan yozilgan asarlarga ishlangan miniatyuralar joy olgan.
[gallery-27557]
Bugun mazkur ko‘rgazma namoyishida Samarqand shahridagi 49-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlarini taqdim etdi. Ulug‘ mutafakkir tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirni o‘tkazishdagi hamkorligi uchun o‘quvchilarga Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi muzeylarga bir yil davomida bepul kirish imkoniyatini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
– Maktabimiz O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyiga yaqin hududda joylashgani uchun yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Samarqand shahridagi 49-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Dildora Bo‘tayeva. – O‘quvchilarga tarixiy shaxslarni tanitishda muzey zallaridagi eksponatlar alohida ahamiyatga ega. Bugungi ko‘rgazma haqida eshitib, o‘quvchilarimiz bilan Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid sahna ko‘rinishi tayyorlab keldik. Tadbirda ishtirok etish barobarida ko‘rgazma qo‘yilgan suratlar, miniatyuralarni tomosha qildik. O‘z navbatida muzeyning doimiy ko‘rgazmalarini ham ko‘zdan kechirib, yurtimizning boy madaniy merosi namunalari bilan tanishdik. Eng muhimi, 23 nafar o‘quvchimizga muzey ma’muriyati bir yil davomida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi muzeylarga bepul kirish imkonini beruvchi sertifikatlarni taqdim etdi. Ular endi yil davomida yurtimiz tarixiga oid bilimlarini muzeylarga tashrif buyurgan holda boyitib boradi.
Viloyatda Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari