Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzeybop buyumlarni toʻplashga farmon bergan xonini bilasizmi? 12-aprelda yuz bergan voqealar
12:20 / 2020-04-12

1898-yil (bundan 122-yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon II xonlik hududidagi qadimdan qolgan muzeybop buyumlarni toʻplashga oid farmon chiqardi.


OʻZBEKISTON TARIXIDA

1898-yil (bundan 122-yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon II xonlik hududidagi qadimdan qolgan muzeybop buyumlarni toʻplashga oid farmon chiqardi. Xon viloyat hokimlariga shunday buyruq berdi: “Qadimdan qolgʻon yodgor nimarsalarni yoʻq qildirmasunlar, har bir tariqa koʻhna joy va qalʼa va imoratlar boʻlsa, ne tariqa bino boʻlgʻonlarini va koʻhna tilla va fullar boʻlsa borlab, topib munda yuborsinlar”.

Shu tufayli Xorazm osori-atiqalari 1890-yil Toshkentda, Parijda, 1895-yil Nijniy Novgorodda oʻtkazilgan Butunrossiya koʻrgazmasida, 1904-yil Amerikaning Missuri shtatining Oloi shahrida oʻtgan xalqaro koʻrgazmalarda namoyish qilingan

1942-yil (bundan 78 yil oldin) – Chirchiqda Leningraddan evakuatsiya qilingan “Elektropult” zavodi negizida “Elektroshit” nomli zavod tashkil etildi (hozirgi “Chirchiq transformator zavodi” aksiyadorlik jamiyati).

1973-yil (bundan 47 yil oldin) – Jizzax viloyatidagi Zafarobod tumani tashkil etildi, shuningdek, Andijon viloyatidagi Jalolquduq, Samarqand viloyatidagi Paxtachi, Fargʻona viloyatidagi Toshloq, Toshkent viloyatidagi Chinoz tumanlari qaytadan tuzildi.

1995-yil (bundan 25 yil oldin) – Toshkentda Germaniyaning “Alkatel” firmasi ishtirokida montaj qilingan besh ming raqamga moʻljallangan Oʻzbekistonda birinchi raqamli elektron ATS foydalanishga topshirildi.

2002-yil (bundan 18 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

JAHON TARIXIDA

1876-yil (bundan 144-yil oldin) – nemis islomshunosi va davlat arbobi Karl Genrix Bekker dunyoga keldi (vafoti – 1933-yil). U 1910-yilda “Islom” jurnaliga asos solgan va uning bosh muharriri boʻlgan. Bekker Prussiya madaniyat vaziri lavozimida ishlagan, Pedagogika akademiyasiga asos solgan.

1903-yil (bundan 117-yil oldin) – golland iqtisodchisi, hozirgi zamon matematik ekonomiya vakillaridan biri, Niderlandiya Fanlar akademiyasi aʼzosi Yan Tinbergen tavallud topdi (vafoti – 1994-yil). U 1969-yilda R. Fisher bilan birgalikda iqtisodiyot sohasidagi birinchi Nobel mukofoti laureati boʻlgan.

1903-yil (bundan 117-yil oldin) – Londonda ichki yonuv dvigateliga ega dunyodagi birinchi shahar avtobusi faoliyat boshladi.

1927-yil (bundan 113-yil oldin) – Chan Kayshi Xitoyda aksilinqilobiy toʻntarish qildi.

1961-yil (bundan 59 yil oldin) – kosmonavt uchuvchi, Qahramon, polkovnik Yuriy Gagarin (1934–1968) “Vostok” nomli tarixdagi birinchi kosmik kemada parvoz qilib, 1 soat 48 daqiqada Yer sharini aylanib uchdi. Shu tariqa Yuriy Gagarin dunyoda birinchi boʻlib kosmik fazoga parvoz qildi.

2001-yil (bundan 19 yil oldin) – amerikalik rassom, smaylik ixtirochisi Xarvi Boll vafot etdi (tavalludi – 1921-yil). 1963-yilda Amerika kompaniyalaridan biri unga boshqa kompaniyalardan kelib qoʻshilgan xodimlarni ruhlantirish uchun nishon tayyorlashga buyurtma berdi. Shu tariqa barchaga maʼlum boʻlgan “smaylik” (inglizcha “smiley” – “tabassumcha”)lar dunyoga keldi. Boll oʻzining bu ishi uchun 45 dollar haq olgan.

Alisher EGAMBERDIYEV