Yurtimizda milliy qadriyatlar, madaniy meros va san’atga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar barpo etilmoqda. 27 avgust kuni esa Toshkent shahrida yana bir tarixiy loyiha — O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga start berildi.
Ushbu tarixiy marosim madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar, adiblar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillarini bir maydonga to‘pladi. Muzey xalqimizga mulk bo‘lib qoladigan, uch ming yillik tarix va madaniyatimizni dunyoga namoyon etuvchi ilm-ma’rifat maskani sifatida barpo etilmoqda.
Bunday tashabbuslarning ilgari surilishi bejiz emas. Chunki muzeylar yosh avlod qalbida buyuk kelajakka bo‘lgan ulkan ishonchni, ajdodlarning merosi va ularga nisbatan tuyiladigan iftixor, mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qiladi. Navoiy bilan faxrlanish uchun faqat uning nomi kifoya qilmaydi. U yaratgan asarlarni o‘qib, anglasakkina nima uchun faxrlanishimiz lozim ekanini aniq his qilamiz. Bunday misolni jamiki buyuk ajdodlarimizga qo‘llasak to‘g‘ri bo‘ladi. Negaki, ularni tanimasdan, anglamasdan turib, munosib avlod bo‘lish dargumon. Bunda esa muzeylarning ham ahamiyati alohida. Ular nafaqat bizga o‘tmish haqida aniq ma’lumotlar beradi, balki o‘sha davr nafasini tuyishni ham o‘rgatadi.

Ana shunday madaniy boyliklarimizdan biri bu Madaniy meros agentligi tasarrufidagi Yunus Rajabiy uy muzeyidir. Muzey 1989-yilda tashkil etilib, 1997-yildan ishga tushgan. Unda shashmaqom asoschisi Yunus Rajabiyning hayoti va ijodi, faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar, eksponatlar saqlanadi. Muzey direktori O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy otasini xotirlab shunday deydi:—Hazrat Alisher Navoiy adabiyotda Xamsa yaratgan bo‘lsalar, otam musiqada Xamsa yaratganlar desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, Navoiyning Xamsasi Turkiy tilda yagona bo‘lsa, otam yaratgan Shashmaqom ham milliy musiqamizning yagona guldastasi hisoblanadi. Darhaqiqat, o‘zbekning boyligi bo‘lgan milliy maqomni yig‘ish, uni notalashtirish murakkab vazifa. Biroq, mana shunday ulug‘ va sharafli vazifani ado etish otam Yunus Rajabiyga nasib etdi. Albatta, bu ulkan iste’dod va mashaqqatli mehnat samarasidir.
Ta’kidlash joizki, muzeyda yetti mingdan ortiq eksponat saqlanadi. Bular: qo‘lyozmalar, kitoblar, musiqiy asboblar va hokazo. Ushbu muzey milliy musiqamizning boy merosini kelajak avlodga yetkazishga mustahkam ko‘prik vazifasi bo‘lib kelmoqda.
Kitobga aylangan umr shubhasiz abadiy umrdir. Yunus Rajabiy uy muzeyi direktori O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy otasi haqida “Rajabiynoma” nomli kitob chop ettirdi. Unda Rajabiylar sulolasi hamda zamondoshlari xotiralari o‘z aksini topgan. Ushbu kitob muzey eksponatini bezovchi javohirlardan biridir. Muzeylar bizning milliy boyligimizdir. Milliy boylikni asrash esa har bir millatdoshimizning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim.
Sherbek Islomov,
O‘zA