Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzey – tarix ko‘zgusi (+video)
10:50 / 2024-04-13

Yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar, yozma manbalar saqlanayotgan muzeylar hayotimizda muhim o‘rin tutadigan maskanlardan biri hisoblanadi.

Shu bois ham, keyingi yillarda mamlakatimizda muzeylar infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, eng asosiysi, muzeylarga tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.  

–1934-yilda tashkil etilgan muzeyimiz 2020-2021-yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi, – deydi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Ixtiyorjon Rasulov. – Hozir 156 mingdan ziyod eksponat saqlanayotgan muzeyning “Jome’ me’moriy obidasi", “Bobur uy-muzeyi”, “Cho‘lpon yodgorlik muzeyi”, “Qal’a yodgorlik majmuasi” bo‘limlari hamda Paxtaobod tumanidagi “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Umuman, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi Farg‘ona vodiysi hayotiga tegishli eramizdan avvalgi paleolit, mezolit, neolit,  eneolit, tosh hamda bronza davriga oid noyob toshlar, topilmalar, ganchkorlik, xaykaltaroshlik hunarlari bilan bog‘liq, shuningdek, ko‘plab noyob yozma manbalar saqlab kelinayotgan yurtimizdagi boy eksponatlarga ega muzeylardan biridir. 

Bugungi kunda muzeyiga tashrif buyuruvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan, Jumladan, muzeydagi aksariyat eksponatlar xalqaro talablar asosida oynali himoya vositasi, yoritish chirog‘lari bilan ta’minlandi. Xavfsizlik va yong‘indan xabar beruvchi jihozlar, signalizatsiya, video kuzatuv kameralari o‘rnatildi, Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bundan tashqari, xorijiy sayyohlar uchun suvenirlar sotiladigan do‘kon tashkil etildi. Bu kabi qulayliklar muzeyga keluvchilar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda. Masalan, 2019-yilda muzeyga 70 ming nafar yurtdoshimiz tashrif buyurgan bo‘lsa, 2023-yilda qariyb 110 ming kishi, shu jumladan, 200 nafardan ortiq xorijiy sayyoh muzey eksponatlari bilan tanishgan.  

Muzeyning har bir bo‘limi o‘ziga xos jihatlarga ega. “Jome’ me’moriy obidasi" bo‘limida joylashgan adabiyot va san’at galereyasida tariximizga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qo‘lyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy san’atiga oid noyob asarlar, buyumlar o‘rin olgan.  

Ta’mirlanib, ishga tushish arafasida turgan, XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) me’moriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davri, ularning boy ijodiy merosiga oid manbaalar joy olgan. Muzeyning “Qal’a” me’moriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Cho‘lpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda.

Muzey hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand arxelogiya instituti olimlari hamkorligidagi qo‘shma ilmiy ekspeditsiya tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Qo‘shtepa” arxeologik yodgorligida olib borilgan qazish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yurtimizning qadim o‘tmishiga oid 5 mingga yaqin sopol buyum topilgan. Ana shu topilmalar “Ko‘xna zamin durdonalari” ko‘rgazmasi doirasida yurtimizdagi qator muzeylarda keng jamoatchilikka namoyish etildi.  

Yurtimiz tarixiga oid ana shu muhim topilmalarni, qolaversa, muzeyda saqlanayotgan turli buyumlarni ilmiy jihatdan o‘rganish, tadqiq etish maqsadida muzey ma’muriyati nafaqat Samarqand arxeologiya instituti, balki Xitoy Fanlar akademiyasining Umurtqali hayvonlar paleontologiya instituti, shuningdek, yaponiyalik olimlar bilan ham ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘lgan.  

Muzey xodimlarining bilim, malaka va tajribalarini boyitish, ilg‘or xorijiy ish uslublarini faoliyatga joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada muzey hamda Qirg‘iziston Milliy muzeyi, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh oblastidagi “Sulaymon-too” milliy-tarixiy arxeologik muzey kompleksi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Hamkorlik doirasida Andijonda “Sulaymon-too” – xalqaro meros obyekti” nomli ko‘chma ko‘rgazma o‘tkazilgan. Shuningdek, hamkorlikda qator seminar va anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu hamkorlik nafaqat muzeylar hamkorligini, balki ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi madaniy-tarixiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda.  

[gallery-16897]

Bundan tashqari, muzeyning bir guruh xodimlari Hindiston Milliy muzeyida bo‘lib, ish tajribalari bilan tanishib qaytdi. Hindiston muzeylari bilan hamkorlikni davom ettirish, joriy yilda Hindiston Milliy muzeyi hamda Gujarat Milliy muzeyi bilan hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan.  

<iframe width="932" height="524" src="https://www.youtube.com/embed/qDKc_gJHB3o" title="Muzey – tarix koʻzgusi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Bir so‘z bilan aytganda, tariximiz ko‘zgusi bo‘lgan Andijon viloyati tarixi  va madaniyati davlat muzeyi faoliyatini, imkoniyati va salohiyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha zarur barcha ishlar olib borilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat, video), O‘zA muxbirlari