Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzey — o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik
12:36 / 2026-01-16

So‘nggi yillarda yurtboshimiz tomonidan muzeylarga katta e’tibor berilmoqda. Yangi muzeylar tashkil etilmoqda, ta’mirtalab muzeylar kapital ta’mirlanmoqda.

Madaniy meros agentligi tomonidan 2025 yil sarhisobi bo‘yicha respublikamizdagi viloyat muzey rahbarlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, poytaxtdagi muzeylarga sayohat uyushtirildi.  

Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi barchamizda katta taassurot qoldirdi. Markaz muzey ekspozitsiyasi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston — XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori”, “Qur’oni karim” zallaridan iborat. Ushbu bo‘limlar yurtimizdagi sivilizatsiya rivojlanishining turli davrlarini aks ettiradi.

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan.

Abu Hafsi Kabir, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abul-Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Majmuada Bibixonim, Xonzoda begim, Gavharshod begim, Gulbadan begim, Nodira begim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu menda o‘ziga xos taassurot uyg‘otdi.

Ekspozitsiyaning markazida Qur’oni Karim zali bunyod etilgan. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi — qadimiy Usmon mushafi joylashtirilgan. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida yaratilgan Qur’oni Karimning qo‘lyozma nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yilgan. Qur’onning jahondagi eng nodir qo‘lyozmalaridan namunalar ham o‘rin olgan.

Muzey barcha so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan. “Vaqt kapsulasi” — tashrif buyuruvchilar kelajak avlodlarga xabar qoldiradigan interaktiv loyiha bo‘lib, unda mehmonlar o‘z fikr-istaklarini kelgusi avlodlarga yetkazish imkoniyatiga ega.

“Vaqt devori” ulkan multimedia panel bo‘lib, unda zamonaviy texnologiyalar yordamida turli davrlarning muhim tarixiy bosqichlari, buyuk kashfiyotlari va mashhur shaxslari jonlantirilgan.

Amir Temur sulolasiga bag‘ishlangan zalda Saroy Mulk xonim, ya’ni Bibixonimning qimmatbaho ko‘ylaklari maketi qo‘yilgan.

Saroy Mulk xonim — tarixda Bibixonim nomi bilan mashhur bo‘lgan, Amir Temurning eng e’zozli va nufuzli rafiqasi edi. U nafaqat saroy hayotining markazida turgan ayol, balki butun Temuriylar davlatining ma’naviy timsoli bo‘lgan.

Tarixiy manbalarda Bibixonimning maxsus marosim ko‘ylagi alohida e’tibor bilan tilga olinadi. Bu ko‘ylak oddiy libos emas, balki imperator ayolining tantanali kiyimi bo‘lgan. Eng e’tiborga molik jihati — Bibixonimning qizil rangdagi ulug‘ ko‘ylagi. Qizil rang o‘sha davrda hokimiyat, kuch, qon va oliy martabaning ramzi sanalgan.

Bu ko‘ylak shu qadar ulug‘vor va og‘ir bo‘lganki, uni 15 nafar xizmatchi ushlab yurishga majbur bo‘lgan. Ko‘ylakning uzun etagi yerga tegib qolmasligi, matoning nafisligi va qimmatbaho bezaklari zarar ko‘rmasligi uchun har tomondan e’tibor bilan ko‘tarib yurilgan.

Ko‘ylak zarbof va atlas matolardan tikilgan, oltin va kumush iplar, murakkab sharqona naqshlar bilan bezatilgan. Bu libos Bibixonimning shaxsiy dididan tashqari, Temuriylar davlati qudratini butun dunyoga namoyon etuvchi vosita bo‘lgan.

Bibixonim qachon va qayerga bormasin, uning qizil ko‘ylagi uzoqdan ko‘zga tashlanib, davlat sha’ni va ayol ulug‘ligini namoyon etgan. Bibixonim ko‘ylagi — bu shunchaki kiyim emas. Bu — tarixiy xotira, ayol qudrati va buyuk saltanatning jonli timsoli.

Gulnora Rajabova,

Sergey Borodin uy-muzey direktori.