French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzey menejmenti boʻyicha besh kunlik kurs boshlandi
18:14 / 2019-09-16

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Britaniya Kengashi va Goldsmits universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda muzey menejmenti boʻyicha uzoq muddatli dasturni amalga oshirib keladi.


Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Britaniya Kengashi va Goldsmits universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda muzey menejmenti boʻyicha uzoq muddatli dasturni amalga oshirib keladi.

16-sentyabr kuni Respublika bolalar kutubxonasida mazkur dastur doirasida muzey faoliyatidagi taʼlimga oid seminar-treninglarning toʻrtinchi bosqichi boshlandi. Unda muzey va idoraviy muassasalarning mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Seminar-trening Oʻzbekiston muzeylarining boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va mehmonlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Uning dasturi Buyuk Britaniyaning muzey ishidagi tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Dastur, shuningdek, muzey menejmentidagi loyihalarni boshqarish, marketing va hamkorlik aloqalari boʻyicha ilgʻor xalqaro amaliyotni ham oʻz ichiga oladi.

Mashgʻulotlarni Buyuk Britaniyaning madaniyat va muzey ishi sohasidagi yetakchi mutaxassislari – Goldsmits universiteti oʻqituvchisi Silviya Laxav, sanʼat maktabi direktori Virjiniya Batton olib bormoqda.

S.Laxav muzey menejmenti yoʻnalishida katta tajriba orttirgan. U Fransiya, Italiya, Portugaliya, Slovakiya va Sloveniya davlatlaridagi maʼruzalari bilan tanilgan. V.Batton esa zamonaviy sanʼat, mahalliy va xalqaro oʻlkashunoslik boʻyicha yuqori malakaga ega. U muzey boshqaruv tajribasi hamda katta madaniy tadbirlarni oʻtkazish tartibi boʻyicha tinglovchilarga maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda muzey menejmenti kursini aynan shu ikki mutaxassis 2018-yil dekabr oyida tashkil etgan.

– Kursni yoʻlga qoʻyishdan avval Oʻzbekistondagi muzeylar faoliyati bilan tanishib chiqdik, – dedi V.Batton. – Mamlakatingizda muzeylar va galereyalar ishini rivojlantirish, shu orqali sayyohlarni yanada koʻproq jalb etish borasida yuqori salohiyat mavjud. Fikrimcha, yurtingizda muzeylar jozibadorligini kuchaytirish uchun ularda saqlanayotgan nodir va noyob eksponatlar haqida omma xabardorligini oshirish lozim. Bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatidan toʻgʻri va unumli foydalanish zarur. Muzeylarga tashrif buyurgan kishi, avvalo, tarixni oʻrganadi, oʻtmish madaniyati bilan tanishadi. Bundan tashqari, boshqa tashrif buyuruvchilar bilan oʻzaro suhbat qurib, bilim-koʻnikmalarini boyitadi. Qadimiy ashyolarni tomosha qilib, madaniy hordiq chiqaradi, oʻzi uchun ruhiy taskinlik topadi. Sanʼatni sevgan bunday insondan hech bir yomonlik chiqmaydi. Muzeylar faoliyati shu bois ham muhim.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Serekeyev ushbu kurslarning doimiy tinglovchisi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu seminar-treninglar davomida oʻrganganlari oʻzi ish olib borayotgan muzey faoliyatini rivojlantirishda qoʻl kelmoqda.

– Mashgʻulotlarning dastlabki bosqichlaridan soʻng muzeyimiz faoliyatiga bir necha yangilikni tatbiq etdik, – dedi u. – Masalan, eksponatlarni mobil telefonlarga rasmga olishga ruxsat berildi. Bu bilan ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklamasiga keng yoʻl ochildi. Bundan tashqari, audiogid xizmatini ishga tushirdik. U tashrif buyuruvchilarga oʻzbek, rus, ingliz, fransuz, nemis tillarida muzey eksponatlari haqida toʻliq maʼlumot beradi. Muzeyga kirish biletlarini yagona elektron bazasi shakllantirilgani ham faoliyatimizdagi muhim yangiliklardan boʻldi. Qoraqalpogʻiston hududidagi qadimgi Xorazm davriga taalluqli 300 ga yaqin qalʼalarga ilk bor yoʻnalishli ekskursiyalarni tashkil qildik. Bunday sayohatlarda ilmiy xodimlarimiz hamda qalʼalarda qazilma ishlarini olib borgan olimlar tashrif buyuruvchilarga hamrohlik qilyapti. Shu oyda Ayozqalʼa va Tuproqqalʼaga ham yoʻnalishli ekskursiya uyushtirishni rejalashtirganmiz. Joriy yilning olti oyi mobaynida 7000 dan ziyod xorijlik sayyoh muzeyimiz mehmoni boʻldi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 5000 dan ortiq boʻlgan edi. Demak, mazkur raqam muzeyimizda xizmatlar sifati yaxshilanayotgani va tashrif buyuruvchilarning qiziqishi tobora ortib borayotganidan darak beradi.

Muzeylarda taʼlim olishga nimalar taʼsir koʻrsatadi? Muzey toʻplamlarini saqlash uchun qanday taʼlim usullari qoʻllaniladi? Vizual sanʼat tajribasini qay tarzda rivojlantirish mumkin? Maʼlumot berilishicha, bu galgi seminar-trening mobaynida ishtirokchilar shu kabi savollarga atroflicha javob oladi.

Eslatib oʻtamiz, mashgʻulotlar shu yilning 20-sentyabriga qadar davom etadi.