Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzey eksponatlari olis o‘tmishdan xabar beradi
18:05 / 2025-12-15

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan uyushmaning Ayollar kengashi a’zolari Yangiyer shahrida istiqomat qilayotgan, san’at va adabiyot ixlosmandi, tadbirkor Raimberdi Rasulberdiyev tomonidan tashkil etilgan “E’tibor” nodavlat notijorat muzeyiga press-tur uyushtirdi.

Tarixiy ashyolarga mehr qo‘ygan san’at ixlosmandi Raimberdi Rasulberdiyev uzoq yillar davomida qishloqma-qishloq yurib, XIX–XX asrlarga oid 400 dan ortiq tarixiy ashyolar hamda cho‘lni o‘zlashtirishda xizmat ko‘rsatgan mehnat qahramonlari haqidagi ma’lumotlarni jamladi va o‘z mablag‘i hisobidan muzey barpo etdi. Bu tashabbus mahalliy tarix va milliy merosga bo‘lgan muhabbatning amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Muzeyda qadimiy uy-ro‘zg‘or buyumlari, kashtachilik namunalari, chorvachilik va omoch uskunalari, mexanik soatlar, choynaklar, radioqurilmalar hamda telefon apparatlari kabi turli eksponatlar joy olgan. Maktab o‘quvchilari, yoshlar va turli kasb egalari muzeyga tashrif buyurib, tarix va milliy an’analar bilan yaqindan tanishib, bir olam taassurot olishmoqda.

Press-tur davomida muzey direktori Rasulberdi Rahmonberdiyev muzey faoliyati, eksponatlarning mazmun-mohiyati va ularning tarbiyaviy ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, muzeyda namoyon etilayotgan har bir qadimiy uy-ro‘zg‘or buyumi o‘tmishdagi ajdodlar hayoti, turmush tarzi va mehnat madaniyatini aks ettiradi.

– Bu eksponatlar shunchaki ashyo emas, ular xalqimizning xotirasi, – deydi Rasulberdi Rahmonberdiyev. – Yoshlar bu yerga kelib, bobo-buvilarimiz qanday yashaganini, qanday mehnat qilganini his etadi. Muzeyning asosiy maqsadi ham ana shu tarixiy xotirani asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishdan iborat.

Shuningdek, muzey direktori Yangiyer shahrining tashkil topish tarixi, uning sanoat va madaniy rivojlanish bosqichlari haqida ham atroflicha ma’lumot berdi. Uning yordamchisi Jo‘raqul Elmurodov esa har bir eksponatning kelib chiqishi, qanday sharoitda topilgani va muzeyga olib kelingani haqida jurnalistlar savollariga javob berdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari muzeyga kitoblar to‘plamini taqdim etdi. Press-tur ishtirokchilari muzeydan iliq taassurot va katta ilhom bilan qaytishdi. Shuningdek, Ayollar kengashi a’zolari 2026 yilga mo‘ljallangan ish rejasi doirasida tarix va madaniy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri