Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi asoschisi va birinchi direktori I.V.Savitskiy tavallud kuni munosabati bilan “Suv qadri” nomli ko‘rgazma va bir qator tadbirlarni tashkillashtirdi.
Ta’kidlanganidek, “Suv qadri” ko‘rgazmasi “suv” haqidagi inson xotiralariga bag‘ishlangan. I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi ko‘rgazmalar tashkillashtirishda Orol fojiasiga bag‘ishlangan asarlarga birinchi marta murojaat qilayotgani yo‘q.
Lekin, bu safar namoyish etilayotgan ko‘rgazma ekologik ofat va uning oqibatlari haqida yemas. Mazkur ko‘rgazma orqali biz bundan yarim asrdan ko‘proq vaqt avval to‘lib-toshgan Orol dengizi va Amudaryoning aholi uchun qanday ahamiyat kasb etganligini va inson hayotida suvning qanchalar zarur va qadrli ekanligini yana bir bor anglashimiz mumkin.
Nukus muzeyida saqlanayotgan va ko‘rgazmada namoyish etilayotgan turli uslub va yo‘nalishlarda ijod qilgan, turli avlod vakillari bo‘lmish o‘n sakkiz nafar rassomning asarlari, bizda, o‘sha davrdagi Orol dengizini, Amudaryoni va kechagina suv bilan chambarchas bog‘langan, ushbu "suv" dunyosining bir qismi bo‘lgan baliqchilar, matroslar va baliq zavodi ishchilari haqidagi xotiralarni uyg‘otadi.
[gallery-8173]
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlarga nazar tashlar ekanmiz, tasviriy san’at biz uchun o‘sha davrdagi Orol va Amudaryo haqidagi yorqin tasavvurni saqlab qolganligini ko‘rishimiz mumkin. Dengiz bepoyon edi va uning yonida turgan odam dengizning shiddatini, kuch-qudratini va shu bilan birga uning oliy ne’mat va rizq manbai ekanligini his yetardi. Baliq ovlash kemalari va oddiy baliq ovlash qayiqlari suv sathining ajralmas bir bo‘lagi edi. Baliqchilik kasbi avloddan avlodga o‘tib davom etib kelgan.
Dengiz sohilida joylashgan Mo‘ynoq tumani XX asr o‘rtalarida yirik “baliqni qayta ishlash markazi”ga aylandi. Amudaryo Qoraqalpog‘istonning shimoli va janubini bog‘lab turuvchi yagona yo‘l edi. Amudaryoda kemalar majmui bo‘lib, daryo bo‘ylab odamlar va yuklar tashilgan. Odamlar suv yaqinida va suv ustida yashagan. Ular uchun dengizda doim suv to‘lib-toshib turadigandek tuyulardi. Ammo ularning ko‘z o‘ngida aql bovar qilmas voqea ro‘y bera boshladi – suv tobora kamayib bordi, Amudaryo halokatli darajada sayozlanib, Orol dengizi sathi to‘xtovsiz chekina boshladi.
Muzey jamoasi qoraqalpoq rassomlarining asarlarini asrab-avaylash bilan birgalikda suv haqidagi oldingi avlodlarning xotirasini saqlab kelmoqda. Ushbu ko‘rgazma yosh avlodga atrofimizdagi dunyo juda ham nozik ekanligini, ulardan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik talab qilinishini eslatadi..
Shuningdek, kun davomida muzey kinozalida Orol dengiziga bag‘ishlangan hujjatli filmlar (“Orol qanday edi”, “Orol, moviy dengiz”, “Amudaryo tugagan joy”, “Orolqum”), qisqa metrajli filmlar (“Yer osti boyliklarini o‘rganuvchilar”, “Dovudko‘l taqdiri”, “Orol dengizi atrofida”, “Orol dengizi”) namoyishi, “Dengiz” filmi ijodkorlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA