Mutaxassislarning ta’kidlashicha, barcha kasallikning sababchisi ham suv, davosi ham suv. Xitoyda davolash uchun toza suvni muzliklardan olish yo‘lga qo‘yildi. Hozir Pomir muzliklari ular uchun tadqiqot va tijorat manbasiga aylandi.
Urumchi biotexnologiya kompaniyasini “Muzliklar otasi” deb ataydilar.
U 2018 yilda Urumchi yuqori texnologiyalar hududida ro‘yxatdan o‘tgan innovatsion kompaniya bo‘lib, u ilmiy tadqiqotlar, ishlab chiqarish va yangi mahsulotlar ixtirosi bilan shug‘ullanadi.
Shinjonning noyob suv resurslari, patentlangan toza suv qazib olish va vakuumli qadoqlash texnologiyalaridan foydalangan holda kompaniya bozorda shov-shuvga sabab bo‘lgan “Muzliklar otasi” jahon suv brendini yaratdi.

Shinjonda deyteriy miqdori past bo‘lgan Xitoydagi eng yaxshi tabiiy suv mavjud. Ushbu resurs asosida kompaniya sog‘lom suv ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. So‘nggi yillarda kompaniya suv olish va qadoqlash texnologiyasida innovatsiyalarni davom ettirdi va sog‘lom suv ishlab chiqarish zanjirini tibbiyot, sog‘lomlashtirish va terini parvarish qilish sohalariga kengaytirdi.
Korxonada 10 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan, atseptik qoplangan suv, nazal eritmalar va Tetra Pak qadog‘idagi suv ishlab chiqariladi. Suv geotermik faollik tufayli erishi natijasida molekulyar klaster tuzilmasiga ega bo‘lgan Muztog‘-ota muzligidan olinadi. Suv ikki marta issiqlik izolatsiyasiga ega, oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan zanglamaydigan po‘latdan yasalgan idishlarda tashiladi.
Bugungi kunga qadar kompaniya past deyteriyli muzli suv ishlab chiqarish liniyasini qurish uchun (2,9 mln yuan) sarmoya kiritdi. "Odamlarga sog‘lom suv yetkazish va global brend yaratish" loyihasi sog‘lom suvni tadqiq qilish va targ‘ib qilishga, Xitoy Fanlar akademiyasi, Dalian texnologiya universiteti va boshqa akademik muassasalar mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga qaratilgan.

Ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi Xitoyda sog‘lom suv sanoati sohasida yagona stansiyaga aylanib, ko‘plab milliy patentlar oldi.
– Suvimizning tannarxi qimmat, 0,33 litri 20 yuan.(salkam 3 dollar) Ammo dunyoda salomatligi uchun mablag‘ini ayamaydiganlar ham oz emasligini ko‘rdik, – deydi kompaniya boshqaruvi raisi Yue Szinchun. – Mahsulotimizning 90 foizini arab mamlakatlari sotib olmoqda.
Muztog‘ suvlaridan tibbiyotda kamyob dorilar ishlab chiqarish ustida ham tadqiqotlar olib borilmoqda
Muhammadjon Obidov, O‘zA