Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzayyana Alaviyaning “Tanlangan asarlari” taqdimoti o‘tkazildi
18:29 / 2023-09-25

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, folklorshunos olima Muzayyana Alaviyaning “Tanlangan asarlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar Muzayyana Alaviya ijod yo‘lining o‘ziga xosliklari xususida so‘zladi.    

Muzayyana Alaviya beorom va behalovat hayoti davomida Abdulla Qodiriy, Fitrat, Oybek kabi buyuk ijodkorlarga zamondosh, suhbatdosh bo‘lgan inson edi.  

[gallery-13712]

Shoira, folklorshunos tadqiqotchi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muzayyana Alaviya 1909 yili 20 aprelda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Dastlab Samarqand pedagogika bilim yurti, keyinchalik Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti – hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olgan. Muzayyana opa ko‘p yillar davomida Toshkent shahar maktablarida o‘qituvchi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik, katta ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.  

Manbalarga ko‘ra, Muzayyana Alaviyaning “Bugungi men” nomli birinchi she’ri 1927 yil “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida bosilgan. Muzayyana Alaviya xalq ijodkorlaridan ko‘plab folklor asarlarini yozib olgan va nashrga tayyorlagan. “Oq olma, qizil olma”, “Intizor”,  “Dalli” va boshqa kitoblar shular jumlasidandir.  

Xalq ijodiyotiga bag‘ishlangan ilmiy ishlaridan tashqari o‘nlab she’rlar, dostonlar, “Odamiylik haqida”, “Dil nidosi”, “Kamtarlik – yaxshi fazilat”, “Yon qo‘shnim – jon qo‘shnim”, “O‘ylarimdasiz” kabi risolalarning muallifi. Bu kitoblar yosh avlodning ma’naviy-axloqiy kamolotida muhim ahamiyat kasb etgani bilan diqqatga sazovor.    

Olima uzoq yillar davomida o‘zbek xalq qo‘shiqlarining badiiy-estetik xususiyatlari, marosim folklori bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Muzayyana Alaviya Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori.    

Muzayyana Alaviyaning “Tanlangan asarlari” kitobining birinchi jildida olima tomonidan yozib olingan xalq og‘zaki ijodining noyob namunalari bilan birga, uning shu madaniy boylikni ilmiy o‘rganishga bag‘ishlangan monografiyasi va adabiy-tanqidiy maqolalari o‘rin olgan.  

Muzayyana Alaviya nainki folklorshunos tadqiqotchi olima, balki jamoat arbobi ham edi. U o‘tgan asrning 20-yillaridan boshlab o‘zbek ayollarining hayotini yaxshilashga bag‘ishlangan ocherk, maqola, she’r va dostonlar, hikoyalar yozgan. Uning odob-axloq masalalariga bag‘ishlangan maqolalari o‘zbek xotin-qizlari ijtimoiy-madaniy hayotini keskin o‘zgarishida alohida ahamiyat kasb etgan.    

“Tanlangan asarlar”ning ikkinchi jildida XX asrning 20-80-yillarida Oydin, Zulfiya, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Sora Eshonto‘rayeva singari ulug‘ ijodkor ayollar bilan bir safda turib, ayollar tafakkurining ijobiy o‘zgarishiga samarali ta’sir o‘tkazgan Muzayyana Alaviya haqidagi xotiralar bilan tanishish mumkin. Mazkur kitoblarni Lobar Qo‘chqorova to‘plab nashrga tayyorlagan.  

 

Nazokat Usmonova,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA