Livanda Osiyo chempionati va an’anaviy "Beirut Open" musobaqasida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan 17 nafar taekvondochimiz mamlakatimizga qaytib keldi.
Muzaffar sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi. Marosimda O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Livan poytaxtida taekvondo (WT) bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 3 oltin, 1 kumush, 6 bronza jami 10 ta medalni qo‘lga kiritib, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani yangiladi.
Chempionatda Niyaz Po‘latov, Charos Qayumova va Feruza Sodiqova o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Madinabonu Mannopova kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Jasur Jaysunov, Shohsanam A’zamova, Shahboz Tusmatov, Nikita Rafalovich, Shuhrat Salayev, Shohrux Rajabov bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari mustaqil Vatanimiz tarixida hech qachon bitta Osiyo chempionatida 10ta medalni qo‘lga kiritmagan edi.
Osiyo chempionati yakuniga yetganidan so‘ng taekvondochilarimiz "Beirut Open" xalqaro turnirida o‘z omadini sinab ko‘rdi. Unda vakillarimiz 5 oltin, 2 kumush va 3ta bronza, jami 10 ta medal jamg‘armasini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi.
bugungi kunda o‘zbek sportchilari erishayotgan g‘alabalar xalqimiz qalbida g‘urur va iftixor uyg‘otmoqda. Ularning bu kabi yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Umid qilamizki, taekvondochilarimizning ulkan marralar sari olg‘a borishi davomli bo‘ladi va ular “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz nufuzini yanada yuksaltiradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA