Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muzaffar Norqobilov: “Jasoratga yo‘g‘rilgan xotirangizni tinglab, timsolingizda chinakkam zamonamiz qahramonlarini ko‘rdim”
10:46 / 2022-09-11

Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Surxondaryo viloyatida ilk chegarachilar harbiy qismi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Iste’fodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar va harbiy-akademik litsey kursantlari ishtirok etgan uchrashuvda chegara qo‘shinlari faxriylari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis, iste’fodagi podpolkovnik Ziyodulla Karimov, iste’fodagi mayor Baxtiyor Sattarov, iste’fodagi 2-rang kapitani Abdujabbor Mo‘minov va boshqalar davlat chegarasini qo‘riqlash, sarxadlarimiz dahlsizligini ta’minlash har bir yigit uchun shon-sharaf ishi ekanini alohida ta’kidladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda davlat chegarasini himoya qilishda duch kelingan murakkab jarayonlar haqida so‘z yuritdi. Uch qo‘shni davlat bilan chegaradosh Surxon vohasida sarhadlarimizni ishonchli qo‘riqlash, tinchlik, osoyishtalikni ta’minlash va turli buzg‘unchi harakatlarga qarshi tura oladigan harbiy qismni tashkil etish bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldi. Bo‘lg‘usi Vatan posbonlariga qimmatli maslahat va tavsiyalarini berdi.

–Bundan roppa-rosa 30 yil muqaddam sizlar ta’lim olayotgan mana shu yerda davlatimiz chegaralarini qo‘riqlaydigan harbiy tuzilmaga asos solingan edi, – deydi iste’fodagi podpolkovnik Bahriddin Salomov.– Ayni paytda janubdagi sarhadlarimizni ishonchli himoya qilayotgan chegara qo‘shinlari tarkibi mana shu harbiy qismda shakllangan. O‘sha og‘ir yillarda chegaralarimizni qo‘riqlash uchun hozirgidek sharoit qayda edi, deysiz? Harbiy qism binosining o‘zida yetarli qulaylik bo‘lmagan. Chegarachilarimiz kunlik qatnab, sarhadlarimizni qo‘riqladi. Chegarani g‘ayriqonuniy bosib o‘tmoqchi bo‘lgan g‘araz niyatli shaxslarni ushladi. Ko‘plab qurol, o‘q-dori va giyoxvand moddalarni qo‘lga kiritib, yurtimizda noqonuniy aylanishining oldini oldi. Andijon, Sariosiyo va boshqa hududlarda yuz bergan voqealarda ham brigadamiz harbiylari ishtirok etib, buzg‘unchi harakatlarning oldini olishga hissa qo‘shdi. Jasoratli xizmati uchun ko‘plab chegarachilarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Termiz shahridagi harbiy qism Jaloliddin Manguberdi ordeniga sazovor bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining aytishicha, endilikda barcha chegara hududlarda harbiy post va harbiy vzvodlar tashkil etilib, zamonaviy usulda jihozlangan. Chegara shaharchalari qurilgan. Harbiy xizmatchilar uchun shu yerning o‘zida barcha qulayliklarga ega turar-joy binolari barpo etilgan. Texnik-kuzatuv postlari faoliyat yuritmoqda. Chegarachilarning videokuzatuv moslamalari orqali sarhadlarimizni tunu-kun ishonchli nazorat qilish imkoniyati mavjud.

Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan aloqalarimiz juda mustahkamlangani ham davlat chegarasida buzg‘unchi harakatlarning kamayishiga xizmat qilayotir. Chegarachilarning ta’kidlashicha, yaxshi niyatli kishilar davlatlararo chegara-o‘tkazish punktlari orqali harakatlanadi. G‘arazli maqsadni ko‘zlagan shaxslar chegara chiziqlarini g‘ayriqonuniy kesib o‘tishga intiladi.

–Aziz kursantlar, sizlar juda baxtli yoshlarsizlar, – dedi iste’fodagi podpolkovnik Hakimjon Mamatqulov.– Istiqlolning dastlabki yillarida sohada tajribali kadrlar yetishmasligidan chegaralarimizni qo‘riqlash istagi paydo bo‘lgan fuqarolar xizmatga qabul qilingan edi. Muddatli harbiy xizmatga esa sizlardek yosh yigitlar kelgan. Lekin, ular sizlar kabi harbiy hayotga moslashmagani uchun tunlari postda uxlab qolgan vaqtlar bo‘lgan. Endi sizlar o‘spirinlikdan harbiy hayotga ko‘nikib, toblanayapsizlar. Jismonan chiniqayapsizlar. Bu kelajakda harbiy burchingizni a’lo darajada bajarishda juda qo‘l keladi. Tasavvur qilayapsizmi, o‘sha yillarda biz mana shu yerdagi harbiy qismdan qatnab, Qorakamardan Gulbahorgacha, bu yog‘i Bobotog‘gacha xizmat vazifamizni bajarganmiz. Bu o‘ta murakkab ish edi. Ikkinchidan, bugun men xayotimning bir qismi o‘tgan bu yerga kelib, juda hayajonlandim. Chunki, tugatilgan harbiy qismimiz binosi o‘rnida bunday muhtasham, salobatli inshoot qurilishini faqat orzu qilganmiz. Qolaversa, o‘shanda hozirgidek obod bo‘lishini tasavvurimizga sig‘dirolmaganmiz.


 

–Uchrashuvda har biringizning jasoratga yo‘g‘rilgan xotirangizni tinglab, timsolingizda chinakkam zamonamiz qahramonlarini ko‘rdim,–deydi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi direktori Muzaffar Norqobilov.– Bosib o‘tgan sharafli yo‘lingiz yoshlar uchun haqiqiy jasorat maktabi bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman. Zero, yuragi jasoratga to‘la, qalbida Vatanga sadoqat hissi jo‘sh urib turgan insongina yurt sarhadlarini ishonchli himoya qilishi, kindik qoni tomgan tuproqni turli tashqi tahdidlardan sadoqat bilan asrashi mumkin. Mustaqil Vatanitimiz chegara qo‘shinlari poydevori aynan Termiz shahridan boshlanganidan, mustaqillikning ilk yillarida tashkil topgan sobiq harbiy qism sizlardek Vataniga sodiq va mard chegarachilar tayyorlaydigan ta’lim dargohi bo‘lib qayta shakllanganidan har qancha faxrlansak arziydi.

Bo‘lg‘usi chegarachilarda boy taassurot o‘yg‘otgan uchrashuvda so‘nggi yillarda Milliy armiyamizda yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar, harbiy-akademik litseyda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelib, ta’lim olayotgan kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ham atroflicha fikr almashildi. Iste’fodagi ofitserlar, shartnoma asosida xizmat qilgan serjant va askarlar zamonaviy ta’lim muassasasi bilan yaqindan tanishdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA