Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi “Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh agronomi Muyassarxon Tojiboyeva hayotida unutilmas sana sifatida muhrlandi. U davlatimizning yuksak mukofoti “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Bu xushxabar opaning xonadonini yanada gavjum va fayzli qildi. Oddiy qishloq ayolining mehnat e’tirofi ko‘pning nazariga tushdi. Suyagi mehnatda qotgan Muyassar opa qirq yildirki pillachilik rivojiga baholi qudrat hissa qo‘shib kelmoqda. Uning yuzlab shogirdlari pillachilik tarmog‘ida samarali mehnat qilmoqda.
– Biz mana shunday fidoiy pillakor opamiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz, – deydi Farg‘ona viloyati “Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Maqsudjon Qosimov. – Kamtar, pillachilik ilmining ustasi, mirishkori bo‘lgan bunday pillakor ayollarimiz halol mehnat qilib, vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Xususan, Farg‘ona pillakorlarining shuhratini tiklashda Muyassar opaning ham alohida o‘rni bor.

Farg‘ona tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida umrguzaronlik qilayotgan Muyassar Tojiboyeva ipak qurti boqish, sifatli pilla xomayosi yetishtirishda o‘ziga xos tajribaga ega. Joriy mavsumda “Novkent” pillachilik uchastkasida har quti ipak qurti urug‘idan 62 kilogrammdan ortiq “kumush tola” terib olindi. Qabul puktlariga yetkazib berilgan hosil salmog‘i 3 ming tonnadan oshdi.
– Kamtarona mehnatlarimizni qadrlab, rag‘batlantirgan Yurtboshimizga katta rahmat, – deydi Muyassarxon Tojiboyeva. – Bunday yuksak e’tibor, e’tirofning mas’uliyati katta bo‘lar ekan. Bu yangi maqsad va imkoniyatlarni ishga solishga chorlamoqda. Onamning izidan borib shu kasbni tanlaganman. Bugun o‘g‘lim buni davom ettirib, pillachilik sohasida ishlayapti. Sentyabrdan bu ishni bas qilaman deb yurgandim. Mana bu rag‘bat umrimga umr qo‘shdi, shijoat bag‘ishladi.

Farg‘ona viloyat “Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati va jamoatchilik vakillari yuksak unvonga sazovor bo‘lgan Muyassar Tojiboyeva xonadonida bo‘ldi. Uni mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 30 yilligi bayrami bilan qutlab, qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA